Yaponiyaning Osaka shahrida “Tourism EXPO Japan 2019” ko‘rgazmasiga start berildi. Yaponiya sayohat va turizm agentligi (JTTA), Yaponiya sayyohlik agentliklari uyushmasi (JATA) va Yaponiyaning milliy turizm tashkiloti (JNTO) hamkorligida uyushtirilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Respublikamizning Yaponiyadagi vakolatxonasi hamkorligida yurtimizning milliy stendi namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston stendida vakillarimiz “Tourism EXPO Japan 2019” mehmonlariga mamlakatimiz hududlarining sayyohlik salohiyati va respublikada turizmning rivojlanayotgan turlari haqida batafsil ma'lumot berishmoqda. Bundan tashqari, ko‘rgazma mehmonlari tarqatma materiallar, jumladan jurnallar, bukletlar, qo‘llanmalar va mamlakatning sayyohlik xaritasi orqali O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishtirilmoqda.
O‘zbekiston milliy stendida 8 sayyohlik kompaniyasi, jumladan “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK uchun alohida o‘rin ajratilgan. Bundan tashqari, ko‘rgazmada mamlakatimizning vino turizmi salohiyatini ko‘rsatib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi bilan hamkorlikda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi "O‘zbekiston shampani" AJ, “Farovon" MChJ va Qibray "Sharob" ilmiy-eksperimental korxonalari birinchi marta ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonning milliy stendida sayyohlik qo‘llanmalari, videomateriallar, bukletlar, amaliy san'at buyumlari hamda Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz va Termizning diqqatga sazovor joylari to‘g‘risidagi videoroliklar namoyish etilmoqda. Ma'lumot uchun: “Tourism EXPO Japan” yilning turizm sohasidagi eng yirik tadbirlaridan biri bo‘lib, unda dunyoning 130 mamlakatidan 200 mingdan ortiq turistik biznes vakillari va havaskorlar qatnashmoqda.
Tadbir dunyoning ko‘plab sayyohlik tashkilotlarini o‘z ichiga qamrab oladi hamda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish omillarini o‘rganish, tajribalar almashinish maydoniga aylanadi. Xalqaro ko‘rgazma an'anaviy tadbirlar va biznes uchrashuvlaridan tashqari, xususiy biznesni rivojlantirish, turizm sohasi uchun yangi ishbilarmonlik imkoniyatlari eshigini ochishga yordam beradi. “Tourism EXPO Japan” turizm va sayohat ko‘rgazmasi mintaqaviy iqtisodiyotda turizmning o‘rnini oshirish, ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ijtimoiy farovonlikni ta'minlash borasida dunyoning yirik tadbirlaridan biri hisoblanadi. Ta'kidlash joizki, “Tourism EXPO Japan” 27 oktyabrga qadar davom etadi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamov bilan Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi (Japan Tourism Agency Ministry of Land, Infrastructure, Transport and Tourism) rahbari Xiroshi Tabata o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekistonga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar soni so‘nggi yillarda oshib bormoqda, qolaversa, 2018 yil fevral oyidan boshlab yurtingizga vizasiz rejim joriy etilganligi sababli mamlakatimizda sizning tarixiy shaharlaringizga sayohat qilishga qiziquvchilar soni oshib bormoqda. Bunda ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishiga ehtiyoj tug‘iladi” – dedi Xiroshi Tabata.
Shuningdek, “Tourism EXPO Japan 2019” sayohat va turizm ko‘rgazmasi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Yaponiyaning sayyohlik firmalari vakillari uchun O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi va unda mamlakatimizda sohada yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha ma'lumot berildi. Ishtirokchilar yurtimizga sayohat turlari tashkil etishga katta qiziqish bildirishdi, mutaxassislarimiz, o‘z o‘rnida, bu yo‘nalishdagi ishlarni yo‘lga qo‘yishga oid ma'lumotlarni taqdim etishdi.






