— Qarshi shahrida jazoni ijro etish muassasasida jazo o`tayotgan yakkayu yagona farzandim muqaddam JIEMlarda jazo o`tab chiqqanlarga “taksistlik” qilib, jinoyatlariga sherik bo`lib qoldi. Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudining 2004 yil 22 oktyabrdagi hukmiga asosan JKning tegishli moddalari qo`llanilib, o`lim jazosi tayinlangan edi. O`lim jazosi 2007 yil 11 iyuldagi qonunga muvofiq 2008 yil 1 yanvardagi qarori bilan Jinoyat kodeksining 13-moddasi qo`llanildi. Oliy sudning Rayosati 2008 yil 29 yanvardagi qarori bilan 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. “Jasliq” JIEMda jazo o`taganida 20 marotaba faxriy yorliq va mukofotlar olgan, biror marta hayfsan olmagan. Bu yil 2 mayda jazoni o`tayotganiga 15 yil to`ldi. Odamlarning kirini yuvib, qari onasiga qarab, mol-qo`ylarini boqib non topib yuribman. Sog`ligim yomonlashgani, boquvchisiz qolganim bois o`g`limni ko`rishga borolmayapman. Shu bois o`g`limni Namangan viloyatidagi JIEMga o`tkazib bersangiz, iltimos.
N.Salaydinova,Andijon viloyati
O.SATIMBAEV,O`zbekiston RespublikasiIchki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarma boshlig`i:
— Fuqaroning 2019 yil 5 apreldagi murojaati Bosh boshqarma rahbariyati tomonidano`rganilib, murojaat qanoatlantirilgan va uning mahkum o`g`li Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV PvaJIEB 19-son JIEKdan Qashqadaryo viloyati IIB PvaJIEB 2-son JIEKga o`tkazilgan.
Jinoyat-ijroiya kodeksining 57-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs butun jazo muddatini odatda bitta muassasada o`tashi belgilangan. Yuqoridagilarga asosan, murojaatchining o`g`lini takroran shu turdagi boshqa koloniyalardan biriga o`tkazishmaqsadga muvofiq emas.
Sadoqat ALLABERGANOVA






