2019 yilning 15 oktyabr kuni Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Ona qizini urgan o`qituvchi ustidan oradan 10 oy o`tib IIBga arz qilmoqchi” sarlavhali xabar, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o`rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 17 yanvar kuni 44-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabida o`qituvchi lavozimida ishlovchi Manzura Mirzaboeva 3”B” sinfga mehnat darsini o`tayotgan vaqtida o`quvchi Diana Osmanova yonida o`tirgan sinfdoshi bilan bir necha marotaba janjallashgan. O`quvchilar o`qituvchisi M.Mirzaboevaning ogohlantirishiga qaramasdan janjalni davom ettirishgan. Dars jarayoniga halal berganliklari uchun M.Mirzaboeva qo`lidagi elim idishni beixtiyor ular tomonga otib yuborgan va oqibatda idish o`quvchi D.Osmanovaning burun qismiga tegib, uni jarohatlagan.
Shundan so`ng o`qituvchi M.Mirzaboeva D.Osmanovani tibbiyot muassasasiga olib borib, tibbiy ko`rikdan o`tkazgan va barcha zaruriy dori-darmonlarni o`z hisobidan olib bergan. Shu vaqtda D.Osmanovaning onasi N.Osmanova qiziga nisbatan etkazilgan tan jarohati yuzasidan hech qanday da`vosi yo`qligini ma`lum qilib, bu haqda yozma tilxat yozib bergan va shu kunga qadar holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan.
2019 yilning 16 oktyabr kuni N.Osmanova holat yuzasidan internet ijtimoiy tarmoqlari orqali shikoyat bilan murojaat qilgan.
Bugungi kunda mazkur holat yuzasidan barcha zaruriy hujjatlar jamlanib, Angren shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda, deya xabar beradi IIV Axborot xizmati.






