Toshkent davlat stomatologiya instituti Janubiy Qozog`iston tibbiyot akademiyasi bilan qo`shma fakultet tashkil etish bo`yicha shartnoma imzoladi, deya xabar beradi Toshkent davlat stomatologiya instituti matbuot xizmati.
Mazkur fakultet 2020–2021 o`quv yilidan Janubiy Qozog`iston tibbiyot akademiyasida o`z faoliyatini boshlaydi va ta`lim jarayoni kredit – modul tizimi asosida amalga oshiriladi.
O`tgan qisqa davr mobaynida Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan ham xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta`lim muassasalari va kompaniyalari bilan hamkorlik bo`yicha memorandum imzolandi.Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018/2019 o`quv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan “Biotibbiy muhandislik” va Moskva davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan hamkorlikda “Stomatologiya” fakultetlari tashkil etildi.
Joriy yildan esa Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda “klinik-psixologiya” yo`nalishida, shuningdek, Ukrainaning Gorbachevskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti bilan “Oliy hamshiralik ishi”, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti bilan “Davolash ishi” yo`nalishlari joriy etildi.
Mazkur institutning Janubiy Qozog`iston tibbiyot akademiyasi bilan hamkorligi esa tibbiy ta`limni yanada rivojlantirish, tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, jahon tibbiyoti va ilm-fani oldida turgan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishda yana bir muhim qadam bo`ldi.
Kelgusida ushbu hamkorlik shartnomasi doirasida Toshkent davlat stomatologiya instituti pedagoglari muntazam ravishda Janubiy Qozog`iston tibbiyot akademiyasi pedagoglari uchun mahorat darslarini va o`quv jarayonini tashkil etish bo`yicha uslubiy yordam berishlari, ma`ruza va seminar mashg`ulotlarini o`tkazishga ko`maklashish, shuningdek, talabalarning ham o`quv-ilmiy dasturlarda ishtirok etishi ko`zda tutilgan.






