O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 822-sonli qarori bilan 2008 yil 7 avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o`rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi qaroriga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati.
Unga ko`ra, endilikda ayrim fanlar chuqur o`rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim muassasalari faoliyatini belgilashga doir quyidagi qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi.
1. 11 yillik majburiy umumiy o`rta ta`lim tizimiga o`tilishi munosabati bilan hamda xalqaro tajribalarni inobatga olib, ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktablariga iqtidorli o`quvchilar qabuli 5-sinfdan (avvallari 2-sinfdan), ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatlariga ham iqtidorli o`quvchilar qabuli 7-sinfdan (avvallari 5-sinfdan) boshlanadi.
2. Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalariga qabul bir bosqichli - sinov (avvallari pedagogik-psixologik diagnostika va sinov) asosida qabul qilish tartibi belgilandi.
3. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalariga qabul uchun o`tkaziladigan tanlovlar shakliga aniqlik (test asosida) kiritildi, (avvallari og`zaki va yozma shaklda bo`lgan).
4. Qabul jarayonlarining shaffofligini ta`minlash maqsadida ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktablarining 5-sinfiga qabul Davlat test markazi tomonidan o`tkazilishi (avval 2-sinfga maktab qoshida tuzilgan Komissiya tomonidan o`tkazilgan) belgilandi.
5. Iqtidorli o`quvchilarni qo`llab-quvvatlash va ularga qo`shimcha imtiyozlar belgilash maqsadida Prezident maktablariga saralash tanlovlarida qatnashib, ajratilgan qabul kvotasidan keyingi eng yuqori natija ko`rsatgan o`quvchilar orasidan ballar ketma-ketligi asosida ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktablarining 5-sinfiga va maktab-internatlarining 7-sinfiga qo`shimcha qabul kvotasi doirasida o`quvchilar saralash test sinovlari o`tkazilmasdan qabul qilinishi (avvallari bunday tartib bo`lmagan) belgilandi.
6. Ixtisoslashtrilgan davlat umumta`lim muassasalariga qabul kvotasini shakllantirish tartibi belgilanib, endilikda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalarining qabul kvotasini belgilaydi. (avvallari qabul kvotasini belgilash tartibi nazarda tutilmagan)
7. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim mussasalarida ta`lim sifatini oshirish va sog`lom raqobat muhitini yaratish maqsadida o`quvchining reyting va akademik o`zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda, ushbu o`quvchini o`quvchilar safidan chiqarish to`g`risida taqdimnomani tegishli voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha idoralararo komissiyalariga kiritish vakolati berildi. (avvallari bunday tartib mavjud bo`lmagan)
8. 11 yillik umumiy majburiy ta`lim tizimiga o`tilishi munosabati bilan hamda iqtidorli o`quvchilarning ma`lumoti darajasi oshishiga, samarali tayyorlanishiga, oliy ta`lim muassasalariga (avvallari 9 yillik ta`limda akademik liseylar va kasb-hunar kollejlariga yo`naltirilgan) kirishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasasining asosiy funksiyalaridan biri etib belgilandi.
9. Endilikda ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim muassasalarida ham boshqaruv tizimining shaffofligini ta`minlash, korporativ boshqaruv, jamoatchilik nazoratini ko`chaytirish maqsadida Kuzatuv kengashlari (avvallari Vasiylik kengashi) faoliyati yo`lga qo`yiladigan bo`ldi.
10. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalari faoliyatini, shuningdek o`quv-tarbiya jarayoni sifatini o`rganish va baholash O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (avvallari bu vakolat Davlat test markaziga berilgan) tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.






