“Toshkent shahrida Shinxan universitetini tashkil etish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi e`lon qilindi.
Unga ko`ra, ochilishi rejalashtirilayotgan Toshkent shahridagi Shinxan universiteti oliy ta`lim muassasasi - yuridik shaxs (ma`suliyati cheklangan shaklidagi nodavlat oliy ta`lim tashkilot) shaklidagi O`zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, tasarrufidagi mol-mulk bilan o`z majburiyatlari bo`yicha javobgar hisoblanadi.
Universitetda o`qitish O`zbekiston Respublikasining davlat ta`lim standartlari talablarini inobatga olgan holda Shinxan universiteti (Koreya Respublikasi) ta`lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan o`quv rejalari va dasturlari bo`yicha amalga oshiriladi.
Qaror loyihasiga ko`ra, Universitetda ta`lim faoliyati 2020/2021 o`quv yilidan boshlanadi. Abiturientlar qabuli va Universitet bitiruvchilarini attestasiyadan o`tkazish esa Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Universitet bitiruvchilariga Shinxan universiteti diplomini beradi. Mazkur diplom O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjat sifatida to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi.
Shuningdek, keltirilishicha, Universitet rektori Universitet tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.






