Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidatumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`lim (bo`linma)lar boshliqlari, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo`limlari tezkor vakillari, yo`l harakati xavfsizligi xizmati ofiserlar tarkibi uchun 5 kunlik malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.
O`quv yig`inlarida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid belgilab berilgan dolzarb vazifalarning mazmun-mohiyati, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hamda idoraviy-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga, shuningdek ular ijrosini ta`minlash mexanizmlarini tushuntirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
– Bugungi kunda ijtimoiy hayot shiddat bilan rivojlanib bormoqda, bu esa barchamizga, shu jumladan ichki ishlar organlari zimmasiga yangidan-yangi vazifalarni qo`ymoqda, – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov. – Ayniqsa, so`nggi uch yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan tizimni isloh etish, kadrlar bilan ishlash, ularning malakasi va mas`uliyatini oshirish, jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish, huquqbuzarlik profilaktikasi samaradorligini oshirish, sohaning quyi bo`g`inlarini mustahkamlashga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Eng muhimi, xalq manfaatlariga xizmat qilish ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy mezoni etib belgilandi.
Ushbu ustuvor yo`nalishlarning mazmun-mohiyatini sohada faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodimga etkazish, ayniqsa ularning ahamiyatini hamda ijrosini ta`minlash usul va uslublarini tushuntirish joylarda o`tkazilayotgan o`quv yig`inlarining asosiy maqsadi hisoblanadi.
– IIV Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan navbatdagi sayyor o`quv yig`ini kasbiy bilimlarimizni yanada mustahkamlab olish uchun imkoniyatdir, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus tumani IIB Migirasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi katta inspektori, kapitan Furqat Satullaev. – O`quv mashg`ulotlarida malakali o`qituvchilar tomonidan xizmat faoliyatimizga oid qabul qilingan qonun hujjatlari, Prezidentimizning farmon va qarorlari, IIVning buyruqlari talablari tushuntirib berilmoqda.
– Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda, ayniqsa voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda “hududlar tajribasi”, xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi ijobiy tajribalarni tushuntirishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati IIB Qumqo`rg`on tog`li-chegara hudud tezkor bo`linmasi boshlig`i, kapitan Sirojiddin Baratov. – Bundan tashqari, terrorrizm tushunchasi va mohiyati, uning ekstremizm bilan aloqadorligi hamda unga qarshi kurashish, missionerlik va prozelitizmning uslub-vositalari hamda mintaqaviy xususiyatlari, noislomiy diniy tashkilotlarning noqonuniy faoliyatiga qarshi kurashish kabi mavzular bo`yicha ham mashg`ulotlar o`tkazilmoqda. Shubhasiz, o`quv mashg`ulotlarida olgan bilimlarimiz xizmat faoliyatimizni samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Institut tashabbusi bilan sayyor o`quv yig`inlari doirasida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo`yicha inspektorlar uchun ham xotin-qizlar o`rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan alohida seminar-treninglar tashkillashtirilmoqda.
Seminar-treninglarda Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilda tashkil etilgan ushbu lavozimlarda faoliyat ko`rsatayotgan xodimlarga xizmat vazifalarining mazmun-mohiyati, faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning talablari tushuntirib berilmoqda.
– Institut professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan seminar-treninglarda xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etgan xotin-qizlarning muammolarini o`rganish va ularni bartaraf etishga ko`maklashish, ruhan qo`llab-quvvatlash borasida oldimizda turgan vazifalar to`g`risida batafsil ma`lumotlar berildi, – deydi Shumanay tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi xotin-qizlar masalalari bo`yicha katta inspektori, leytenant Sapura Xudoybergenova. – Darhaqiqat, ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari bo`yicha faoliyat ko`rsatayotgan xodimlar ham aholi, xususan ayollarimiz bilan ishlaydi. Buning uchun o`zimiz xotin-qizlarning psixologiyasini chuqur bilishimiz, ularga mehr berishimiz kerak. Jinoyatga qo`l urgan xotin-qizlarning eng avvalo muammolarini o`rganishimiz, maishiy muammolari bo`lsa, mas`ul tashkilotlar orqali yordam berishimiz zarur. Shundagina faoliyatimizda natija bo`ladi, ularning dunyoqarashi o`zgaradi.
IIV Malaka oshirish instituti tomonidan navbatdagi sayyor o`quv yig`inlarini hamda seminar-treninglarni Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida o`tkazish rejalashtirilgan.
O`z.R. IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati






