AsosiyJamiyat

Bobotog`ning eng chekka qishlog`idagi maktabda ma`naviy-ma`rifiy tadbir o`tkazildi

'Bobotog`ning eng chekka qishlog`idagi maktabda  ma`naviy-ma`rifiy tadbir o`tkazildi'ning rasmi

Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatlarida ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.

Shunday tadbirlarda biri Surxondaryo viloyatining Uzun tumani Bobotog` hududidagi “Bog`dara” qishlog`ida joylashgan 32-sonli umumta`lim maktabida o`tkazildi.

Ma`naviy-ma`rifiy tadbirda so`zga chiqqan IIV Malaka oshirish instituti boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati, ularda vatanparvarlik, halollik, sadoqatlilik kabi ezgu fazilatlarning ahamiyati haqida so`z yuritdi hamda yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish lozimligiga to`xtalib o`tdi.

– Surxondaryodagi uzoq hududlaridan biri bo`lgan Uzun tumanining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo`lgan eng chekka qishlog`i “Bog`dara”da yashasak-da hech qachon davlatimizning e`tiboridan chetda qolmagan. Maktabimiz zamon talablari asosida qurilgan bo`lib, 310 o`ringa mo`ljallangan va o`quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, o`quvchilarning darsdan so`ng bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishlari uchun 12 ta fan, 4 ta sport to`garaklari tashkil etilgan, – deydi Uzun tumani 32-sonli umumta`lim maktabining direktori Abdulahad Eshonqulov. – Mana bugun poytaxtimizdan IIV Malaka oshirish institutining bir guruh professor-o`qituvchilari tuman markazidan 126 kilometr, Termiz shahridan qariyb 300 kilometr uzoqlikda joylashgan maktabimizda o`quvchilar bilan ochiq muloqot o`tkazishdi. Ularning dildan suhbat qurishi yoshlarimizda katta taassurot qoldirdi. Chunki, maktabimizga ilk marotaba professor ilmiy darajasiga ega ziyolilarimiz tashrif buyurdi. Ular tomonidan maktabimiz kutubxonasiga 150 dan ortiq kitoblarning tuhfa etilishi esa o`quvchilar uchun katta sovg`a bo`ldi.

O`tkazilgan tadbirda vatanparvarlik tuyg`usi jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`lishi haqida so`z yuritildi. Shuningdek, yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e`tibor qaratildi.

– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan uchrashuv bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – deydi ushbu maktabning 11-sinf o`quvchisi Mo``tabar Toshpo`latova.
– Yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus hamda kitobga mehr qo`yishning ahamiyati haqida tushunchalar berilganligi biz uchun muhim yo`l-yo`riq bo`ldi. Mazkur tadbirda bildirilgan fikrlar, tavsiyalar biz yoshlarni o`z ustimizda muntazam ishlashga, intilishga va izlanishga chorlaydi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, seminar-treninglar, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar