AsosiySiyosat

Jahon banki bu yil O`zbekistonda Inson kapitali indeksini aniqlaydi

'Jahon banki bu yil O`zbekistonda Inson kapitali indeksini aniqlaydi'ning rasmi

Jahon banki mamlakatimizda Inson kapitali indeksini aniqlashda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlik qilmoqda.

Yurtimizda ilk marotaba o`tkazilayotgan ushbu jarayonni tashkil etishga doir masalalarni muhokama qilishga bag`ishlangan video anjumanda ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Ulug`bek Tashkenbaev hamda Jahon banki vakillari ishtirok etdi.

Video anjumanda inson kapitali indeksini aniqlash uchun maktab o`quvchilaridan olinadigan testlarni tanlash, ishtirokchilarni saralash va natijalarni umumlashtirish yuzasidan o`zaro hamkorlikdagi vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, mazkur sinovlarni PIRLS (boshlang`ich sinf o`quvchilarining matnni o`qish darajasi va sifatini baholash) xalqaro tadqiqotlari savollari asosida tashkil etishga, bunda baholash 4-sinf o`quvchilari uchun o`quv yili hali endi boshlanganligini inobatga olinib, 5-sinf o`quvchilar o`rtasida tadqiqot o`tkazishga kelishib olindi. Sinovlar uchun topshiriqlar xalqaro miqyosida tan olingan testolog tomonidan PIRLSdan saralab olinadi va ko`rib chiqish uchun Jahon Banki vakillariga taqdim etiladi.
Sinovlar respublika bo`ylab oktyabr va noyabr oylarida tashkil etish, bunda mavjud maktablarning 2 foizidan 10 foizgacha bo`lgan qismini tanlab olish rejalashtirilgan.

Ta`kidlab o`tish joizki, aynan ushbu sinov natijalari sabab O`zbekiston tarixda ilk marotaba Inson kapitali indeksi reytingiga kiritilishi kutilmoqda.

Inson kapitali indeksi reytingini shakllantirishda asosan uch yo`nalishda - sog`liqni saqlash, ta`lim sifati hamda boshqa iqtisodiy ko`rsatgichlarga oid statistik ma`lumotlar tahlil qilinadi. Ushbu ma`lumotlar Jahon Banki va ishtirokchi mamlakat hamkorligida shakllantiriladi. 2018-yilda e`lon qilingan “Inson kapitali indeksi-2018” reytingida O`zbekiston Respublikasining ma`lumotlari e`lon qilinmagan. O`zbekiston tomonidan faqat sog`liqni saqlash va iqtisodiy ko`rsatgichlar taqdim etilgan va bu Jahon banki tomonidan qabul qilingan. Biroq 2017-yilga qadar O`zbekiston maktab o`quvchilarini bilimini aniqlash uchun o`tkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos ravishda emasligi sababli ta`lim sifati (o`quvchilarning bilimini baholash) bo`yicha taqdim etilgan ma`lumotlar qabul qilinmagan.
Ma`lumot uchun, Inson kapitali loyihasining eng asosiy maqsadi – jadal texnologik rivojlanish davri uchun sog`lom, zamonaviy bilimga ega hamda muammoli vaziyatlarga moslashuvchan yangi avlodni tayyorlashga ko`maklashishdan iborat. So`ngi natijalarda Inson kapitaliga boshqalardan ko`proq sarmoya kiritayotgan eng faol mamlakatlar beshligidan Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Honkong va Finlyandiya oʻrin olgan. Reytingda shuningdek Markaziy Osiyoning uch davlati natijalari keltirilgan - Qozog`iston (31-o`rin), Qirg`iziston (76) va Tojikiston (89).

    Boshqa yangiliklar