O`zbekiston Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori o`rinbosari Saida Mirziyoeva o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali barchani 2 dan 4 oktyabrga qadar bo`lib o`tadigan «TASHKENT BOOK FEST – 2019» Birinchi Toshkent xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasiga taklif qildi.
Ko`rgazma ishida 16 ta mamlakatdan noshirlik va kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, yurtimiz nashriyotlari va kitob do`konlari ishtirok etmoqda.
“Tadbir doirasida mualliflar va kitobxonlarning uzoq kutilgan uchrashuvlari, turli qiziqarli taqdimotlar, intellektual o`yinlar, adabiy viktorinalar, davra suhbatlari va mahorat saboqlari o`tmoqda. Yosh o`quvchilar uchun maxsus bolalar maydonchasi hozirlangan. Barcha tashrif buyuruvchilar vaqtini maroqli o`tkazishi aniq!
Noshirlik sohasida birinchi bor o`tkazilayotgan ushbu keng miqyosli tadbir Agentlik tomonidan Prezidentimizning kitoblar va mutolaani targ`ib qilish bo`yicha To`rtinchi tashabbusini faol ro`yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan.
O`ylaymanki, bu adabiy merosimizni asrab-avaylash, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish borasidagi ishlarni qo`llab-quvvatlash va yanada rivojlantirishga muhim hissa qo`shadi”, — deb yozadi Saida Mirziyoeva.






