«Yuksalish» umummilliy harakati ofisida uy-joy huquqi sohasida odil sudlovni ta`minlash masalasiga bag`ishlangan ekspertlik muhokamasi bo`lib o`tdi, deya xabar beradi Harakat matbuot xizmati. Unda qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, deputatlar, sud korpusi, akademik hamjamiyat vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, bugungi kunda O`zbekistonda barcha sohalarda keng ko`lamli o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahar va qishloqlarda umumiy yashash maydoni 3,5 mln. kvadrat metrdan ortiq bo`lgan namunaviy va ko`p qavatli uylar barpo etildi. Uy-joy qurilishi hajmi 2010 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi.
Shu bilan birga, qurilishni tashkil etishda va muhtoj oilalarni uy-joy bilan ta`minlashda bir qator kamchiliklar mavjud bo`lib, ularga yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarur. Uchrashuvda xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasi muhokama qilindi.






