Bojxonachilar mamlakatimizga sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni noqonuniy olib kirish holatlariga o`z vaqtida chek qo`yishmoqda.
Xususan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idora vakillari bilan hamkorlikda Uchqo`rg`on tumanida tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Tadbir davomida fuqaro M.G` qo`shni mamlakatdan noqonuniy ravishda “Norin” daryosi orqali olib o`tilgan, tegishli hujjatlari bo`lmagan umumiy qiymati 36 million so`mlik 4586 dona cho`g`lanma lampalar, 4 dona televizor va boshqa xo`jalik mahsulotlarini qabul qilib olayotganda to`xtatib qolindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






