Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori ijrosiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vaziri o`rinbosari Nazirjon Nazirov, Moliya vazirligi bo`lim boshlig`i Murod Davlatov, Transport vazirligi yo`l xo`jaligini rivojlantirish bo`limi boshlig`i Bahodir Qoraboev, Hududiy yo`llarni ta`mirlash va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish monitoringi boshqarmasi boshlig`i Otanazar Jumanyozov, Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Dilshod Jalolov ishtirok etdi.
2019 yilda respublikamizdagi 159 ta tumandagi 478 ta qishloqda joylashgan ko`p qavatli uy-joylarni mukammal ta`mirlash rejalashtirilgani ma`lum qilindi. Buning uchun 92 mlrd 269 mln so`m tijorat banklari kredit mablag`lari, 37 mlrd 527 mln so`m tashabbuskor tadbirkorlar mablag`lari hamda 30 mlrd 149 mln so`m homiylik mablag`lari ajratilishi ko`zda tutilgan.
Mutasaddilarning so`zlariga ko`ra, hozirga qadar “Obod qishloq” dasturiga asosan 95 ta bolalar maydonchasi qurilgan va 8 tasi ta`mirlangan. Shuningdek, 410 ta ko`p qavatli uy-joy (192,6 ming kv.m tom qismi, 865 ta kirish yo`lagi) ta`mirdan chiqarilgan, 533 ta temir eshik va kodli qulflar o`rnatilgan, 17 843 kv.m trotuarlar beton qoplamasi bilan qoplangan.
“Ichimlik suvi ta`minoti tiziminini yaxshilash maqsadida 478 ta qishloqda 2749 km dan iborat ichimlik suv quvurlari va 452 ta suv inshootlari quriladi hamda rekonstruksiya qilinadi, — dedi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vaziri o`rinbosari Nazirjon Nazirov. — Natijada 120 mingdan ortiq aholi ichimlik suvi bilan ta`minlanadi”.
Qayd etilishicha, ichimlik suvi ta`minoti tizimini yaxshilash jarayonini moliyalashtirish uchun “Suv ta`minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish” jamg`armasi hisobidan 316,9 mlrd so`m ajratilgan. Ushbu mablag`lar hisobidan joriy yil 1 sentyabr holatiga 270,4 mlrd so`m miqdorda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.
Vazir o`rinbosari 2019 yilning ikkinchi yarim yilligida 389,3 mlrd so`m miqdorda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi haqida ma`lumot berdi.
27.09.2019 21:05
120 mingdan ortiq aholi qachon ichimlik suvi bilan ta`minlanadi?






