AsosiyJamiyat

AQSh delegasiyasi O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bo`ldi

'AQSh delegasiyasi O`zbekiston  Qurolli Kuchlari akademiyasida bo`ldi'ning rasmi

Bugun, 14 may kuni Missisipi shtati gubernatori Fil Brayant boshchiligidagi AQSh delegasiyasi yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida AQSh delegasiyasi O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo`ldi.

Missisipi shtati administrasiyasi ,etakchi tashkilotlar hamda savdo,innovasiyalar, sanoat, qishloq xo`jaligi va ta`lim sohalaridagi kompaniyalar vakillaridan iborat AQSh delegasiyasi akademiyaning infratuzilmasi, o`quv-moddiy bazasi bilan tanishdi. Ta`lim dargohining professor-o`qituvchilar tarkibi bilan birgalikda muloqotlar o`tkazdi. Xususan, Akademiyada faoliyat yuritayotgan Jorj Marshall nomidagi xavfsizlik masalalarini o`rganish bo`yicha Evropa markazi xodimi professor Gregori Glison bilan harbiy kadrlar masalasida fikr almashildi.

Ta`kidlash joizki, Gregori Glison 2018 yilning noyabr oyidan buyon Akademiyada xalqaro xavfsizlik bo`yicha o`quv kurslarini o`tib kelmoqda.

Shuningdek, martabali mehmonlar Akademiya tarixi muzeyida bo`ldi. O`quvxonalarini ko`zdan kechirdi, axborot-resurs markazi, kursantlarning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

Delegasiya tarkibida kelgan AQSh Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo`mondoni – shtat gubernatori o`rinbosari general Jenson Boylz bundan keyin ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojiga umid bildirib, yurtimizga yana bir bor tashrif qilganidan mamnunligini izhor qildi. Mamlakatlarimiz qurolli kuchlari o`rtasida tajriba almashish jarayonlariga yanada e`tibor qaratish lozimligini ta`kidladi.

Eslatib o`tamiz, Jenson Boylz o`tgan yilning sentyabrida ham yurtimizda bo`lib, sohaga oid bir qator yo`nalishlar bo`yicha uchrashuvlar o`tkazgan edi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar