Bugun, 14 may kuni Bishkek shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati va Qirg`iziston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibiyati o`rtasida ilk ikki tomonlama maslahatlashuvlar bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Muzokaralar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Qirg`iziston Respubikasi Xavfsizlik Kengashi kotibi Damir Saginbaev raisligida o`tdi.
Muloqot chog`ida qayd etilganidek, oliy darajadagi tashriflar, O`zbekiston – Qirg`iziston davlat chegaralari to`g`risidagi shartnoma, shuningdek, Strategik sheriklik, do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va o`zaro ishonchni mustahkamlash to`g`risidagi deklarasiyaning imzolanishi natijasida mamlakatlarimiz o`rtasida o`zaro ishonch, ko`p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik yanada kengayib bormoqda.
O`zbekiston va Qirg`iziston davlat rahbarlarining qat`iy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik aloqalari amaliy mazmun bilan boyib, strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yuqori darajaga ko`tarishga erishildi.
Uchrashuvda O`zbekiston – Qirg`iziston maslahatlashuvi mexanizmi ikki davlat o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik, yaxshi qo`shnichilikni bosqichma-bosqich, izchil rivojlantirishdek umumiy maqsadga xizmat qilishi, xalqlarimizning tinch-osoyishta hayot kechirishi, ular farovonligini ta`minlashga qaratilgani ta`kidlandi.
Bu kabi maslahatlashuvlarning o`tkazilishi Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari xavfsizligi, barqarorligi va jadal rivojlanishini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Tomonlar konstruktiv ruhdagi munosabatlarni qo`llab-quvvatlashga, xavfsizlik sohasidagi O`zbekiston – Qirg`iziston hamkorligini, jumladan, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash va amaliy harakatlarning ikki tomonlama aniq mexanizmlarini rivojlantirish bo`yicha sa`y-harakatlarni yanada kengaytirishdagi intilishlari qat`iy ekanini bildirdi.
Maslahatlashuvlar yakuniga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati va Qirg`iziston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibiyati o`rtasida hamkorlik to`g`risida memorandum, shuningdek, xavfsizlikni ta`minlash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish bo`yicha aniq chora-tadbirlarni ko`zda tutuvchi protokol imzolandi.






