Termiz shahrida O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyat bo`linmasi harbiy xizmatchilari uchun barcha sharoitlarga ega ko`p qavatli zamonaviy turar-joy binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
– Ko`p yillardan buyon shaharda o`z uyimiz bo`lishini orzu qilar edik, – deydi shartnoma asosidagi oddiy askar Zafar Chorshanbiev. – Bugun uch xonali keng, shinam uyga ega bo`ldik. Bundan turmush o`rtog`im Nigina va qizimiz Shukronaning ham quvonchi cheksiz. Xonadonda barcha qulaylik yaratilgan. Oshxona va boshqa qo`shimcha xonalar zamonaviy usulda jihozlangan. Uyning uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida berilgani bizga juda katta qulaylik yaratadi. Bunday e`tibor xizmat burchimizni oilamizdan ko`ngil to`q bo`lib, yanada sifatli bajarishimizda muhim omil bo`ladi.
16 yildan buyon shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Tolibjon Rahmanov turmush o`rtog`i Nodiraxon bilan ikki qizni tarbiyalab, kamolga etkazmoqda. Ular ham bugun yangi xonadon sohiblaridir.
– Harbiy xizmatchining oilasi bo`lganimizdan hamisha faxrlanamiz, –deydi Nodira Rahmonova. –Bunday shinam xonadonda farzandlar bilan tinch, xotirjam, to`kin yashashning o`zi ham katta baxt. Bu erda biz uchun barcha sharoit bor. Mehmonxona va yotoqxonalar ham, oshxona va boshqa qo`shimcha xonalar ham yuksak did bilan barpo etilgan. Bolalar xonasining keng va yorug`ligidan farzandlarimiz Dilorom bilan Durdonaning suyunganini aytmaysizmi? Biz, harbiylar oilalariga ko`rsatilayotgan bunday e`tibor uchun yurtboshimizdan behad minnatdormiz.








