AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: Farg`onaliklar mehnat qilishni biladi

'Shavkat Mirziyoev: Farg`onaliklar mehnat qilishni biladi'ning rasmi

Prezidentimiz Farg`ona tumanidagi “Komiljon ota Mamajonov” fermer xo`jaligida bo`lib, bu erda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakatimizda qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, agrar sohani rivojlantirishda ilg`or tajriba va innovasiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qo`llash, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksportini tashkil qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu esa sifatli qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish, ko`plab ish o`rinlari yaratish imkonini berayotir.

2005 yili tashkil etilgan “Komiljon ota Mamajonov” fermer xo`jaligi 72 gektarda dehqonchilik qiladi. Qishloq xo`jaligida yaratilayotgan imkoniyatlar, fermer xo`jaliklarini yonilg`i-moylash materiallari, mablag` va mineral o`g`itlar bilan ta`minlash tizimi izchil yo`lga qo`yilayotgani samarasida joriy yilda 31 gektar g`alladan 70 sentnerdan hosil olish va 135 million sof foyda ko`rish ko`zda tutilgan. Shunda davlat shartnoma rejasi 110 foizga bajariladi, fermer ixtiyorida 80 tonna don qoladi. Bundan xo`jalikda mehnat qilayotgan 20 nafardan ortiq ishchilar ham manfaatdor. Bundan tashqari, xo`jalikda 7 gektar uzumzor, 14 gektar bog` tashkil etilgan. 9 gektarda chorva uchun ozuqa ekinlari, 11 gektarda esa sabzavotlar ekilib, parvarishlanmoqda.

Fermer xo`jaligi a`zolari g`alladan bo`shagan 31 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekishni rejalashtirgan. Bu esa yana ko`plab yoshlarni mavsumiy ish bilan ta`minlash imkoniyatini beradi. Etishtiriladigan mahsulotning xaridori ham bor, sababi xo`jalik eksportyor korxona bilan 20 tonna tashqi hamda 45 tonna ichki bozorga mosh sotish bo`yicha shartnoma tuzgan. Bundan esa 130 million foyda ko`rish niyatida.

Shuningdek, xo`jalik faoliyatini kengaytirish, daromadini oshirish, yangi ish o`rinlari tashkil etishni maqsad qilgan. Buning uchun tijorat bankidan 1,8 million dollar kredit olinadi va 5 gektar maydondan limonchilik tashkil etiladi.

Dehqonchilik qilishda qishloq xo`jaligi texnikalarining ham o`rni katta. Fermer xo`jaligi hisobidagi “Keys”, “Klass Dominator” don o`rish kombaynlari, “Orion” haydov traktori, bog` qator orasiga ishlov beruvchi mini traktor, ekskavator kabi texnika va agregatlar er umumdorligi, ish samaradorligini oshirish, hosildorlikni ko`paytirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari g`allazor va uzumzorni ko`zdan kechirdi. Viloyat fermerlari bilan muloqot qildi. Joriy yilda suvdan omilkorlik bilan, tejab foydalanish, dalalarga takroriy ekinlarni to`g`ri joylashtirish va hosildorlikni oshirish, urug` sifatini yaxshilash bo`yicha dolzarb vazifalar turganini ta`kidlab, mutasaddilarga bu borada zarur topshiriqlar berdi.

-Mamlakatimizning barcha joylarida bo`lgani singari Farg`onada ham hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko`p. Ularni ishga solib, qo`shimcha daromad topish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish mumkin. Buning uchun samarali harakat qilish, odamlarda tadbirkorlik faoliyatiga bo`lgan qiziqishni kuchaytirish, tomorqadan unumli foydalanish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Shu erning o`zida, Prezidentimizga Farg`ona viloyatida 2019-2020 yillarda qishloq xo`jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma`lumot berildi. Unga ko`ra, bog`dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, issiqxona, meva-sabzavotchilik rivojlantirish, paxtachilik klasterlari, logistika markazi tashkil etish, sovutgichli omborxonalar qurish kabi 493 loyihani hayotga tatbiq etish ko`zda tutilgan. Mazkur loyihalar amalga oshsa, 10 mingdan ziyod ish o`rni yaratiladi.

Shuningdek, Quva hamda Oltiariq tumanlarida meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo`jaligi kooperasiyalarini tashkil etish, viloyatda 2019-2020 yillarda davlat xususiy sherikchilik asosida 2 ming gektar maydonda bog` va tokzorlar barpo etish, Oltiariq tumanidagi “Agro maks dolina” korxonasi tomonidan go`sht etishtirish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, Qo`qon shahridagi “Kokand milk quality” MChJ tomonidan sutni qayta ishlashni kengaytirish bo`yicha investisiya loyihalari, viloyatda joriy yilda innovasion yutuqlarni amaliyotga joriy etgan holda veterinariya xizmatini rivojlantirish, Farg`ona shahrida “UZ-SEGANG” MChJ tomonidan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport logistika markazi tashkil etish, Farg`ona vodiysida suv resurslarini boshqarish “Faza-2” loyihasi, parrandachilik va tuyaqushchilikni, 2019-2020 yillarda chorvachilik va naslchilik ishlarini rivojlantirish va aholi daromadlari oshirish loyihalari taqdimoti ham o`tkazildi.

Xususan, viloyatda 2019-2020 yillarda davlat xususiy sherikchilik asosida 2 ming gektar maydonda bog` va tokzorlar barpo etiladi. 2019 yilda Quva tumani va Quvasoy shahrida 300 gektar giloszor, Oltiariq hamda O`zbekiston tumanlarida 200 gektar o`rikzor va uzumzor tashkil etiladi. 2020 yilda qo`shimcha 1500 gektar maydonda bog` barpo etiladi. Buning 38,6 million dollar mablag` sarflanishi rejalashtirilgan.

Qo`qon shahridagi “Kokand milk quality” MChJ tomonidan sutni qayta ishlashni kengaytirish bo`yicha investisiya loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Ushbu loyiha Agrobank tomonidan 2020 yilning to`rtinchi choragida ishga tushiriladi. 120 ish o`rni yaratiladi.

Shuningdek, viloyat oziq-ovqat sanoatida 2019-2020 yillarda 703,4 milliard mablag` evaziga 81 ta loyiha amalga oshiriladi. Bir ming besh yuzdan ziyod kishining bandligi ta`minlanadi.

1.jpg

2.jpg

3.jpg

    Boshqa yangiliklar