Poytaxtimizda O`zbekiston Faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi respublika boshqaruvi tomonidan 9 May - Xotira va Qadrlash kuniga bag`ishlab “Xotira muqaddas – inson qadri aziz!” ma`naviy-ma`rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir homiylari: “NIKA PHARM” farmasevtik korxonasi, “OXYmed” dorixonalar tarmog`i, “ZAMONA RANO” farmasevtik kompaniyasi, “Darakchi” gazetasi hamda “Sevimli” telekanali.
Tabdirda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida istiqomat qilayotgan 20 dan ziyod urush faxriylari va ularning oila a`zolariga bayram dasturxoni yozildi, ularga hurmat-ehtirom ko`rsatildi.


Xayriniso MIRZAJONOVA, O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi respublika boshqaruvi raisi o`rinbosari:
— Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi Farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq, jamg`armamizning tuman, viloyat kengashlari barcha shahar, qishloqvamahallalarda urushqatnashchilarining ko`nglini olishga kirishgan, desam mubolag`a bo`lmaydi. Bu ishlarda bizning ham hissamiz borligidan faxrlanamiz. Faxriylarimizga joylarda pulmukofotlari, homiylarning sovg`a-salomlari tantanali ravishda topshirilmoqda. Bundan tashqari, ularning uy-joylari ta`mirlanmoqda, tantanalarga kelishlari, mehmonxonada yashashlari, kiyim-kechaklar bilan ta`minlanmoqda. Bularning bari bepul, jamg`arma hisobidan amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda urushda ishtirok etgan faxriylarimizning ko`plari oramizda yo`q. Borlari esa mustaqillik ne`matlaridan bahra olib, shukronalik hissi bilan yashamoqdalar. Ulardan biri Qirg`izboy ota Kamolov. 1924 yilda tug`ilgan Qirg`izboy ota Voronej, Kursk, Orlovskiy shaharlarini ozod qilishdagi janglarda ishtirok etgan.
“Ulug` vatan urushi haqida ko`p gapirish mumkin. Millionlab odamlar qurbon bo`lganini, vayronalarni uzoq so`zlasam umrim etmaydi. Bundan keyin urush bo`lmasin, urush bo`lmasligi uchun harakat qilishimiz kerak, bugungi tinchligimiz uchun esa behisob shukronalar qilishimiz kerak”, - deydi Qirg`izboy ota.
— Urush yillarida Saratovda tibbiyot kurslarida ta`lim olardim, — deya esladi biz bilan suhbatda Antonina Kalominseva. — Shu paytda Belorussiyadan Saratovga jangda jarohat olganlarni keltirishdi. Men hamshiraga yordamchisi edim. Varshava, Chexoslovakiya va boshqa shaharlarni ozod etishda qatnashdim. Hozirda Vatanim, nabiralarim ardog`idaman. Yurtimizda tinchlik, farovonlik hamisha bardavom bo`lsin. Biz urushni ko`rdik, sizlar ko`rmanglar...

Bugun biz tunda ko`nglimiz xotirjam, hech bir qo`rquvlarsiz uyquga yotamiz, tushlarimizga o`zimiz o`ylagan yaxshi narsalar kiradi, tongda esa yana xotirjam uyg`onamiz. Lekin urush qatnashchilarining tushlariga nimalar kirar ekan deb hech o`ylab ko`rganmisiz? Davrada o`tirgan yana bir urush qatnashchisi Muxtor ota Rasulov esa tushlariga u istamagan narsalar kirishini, o`q ovozlari, olovlar ichra askarlarning hayqiriqlari, ochlik, tashnalik, og`riqlar kirishini aytadi. 1922 yilda tug`ilgan Muxtor ota urushga borib, Smolensk, Stalingrad, Ryazan, Voronej kabi shaharlarni ozod qilishda jang qilgan.
— G`alabamiz tufayli bugun hayotmiz. Lekin bu kunlarga etib kelishning o`zi bo`lgani yo`q. Nafaqat urush vaqtida, balki urushdan keyin ham odamlarning yashashi oson bo`lmagan. Ocharchilikni, ayriliq azoblarini boshdan o`tkazdi xalq. Istagim shuki, yoshlarimiz bugungi tinchlikning qadriga etishsin, - deydi otaxon.
Ha, urush asoratlari joni omon qolganlarning ko`pchiligida bor. Ular yuraklarida bitmas yara bo`lib qolgan.
Tadbirda tinchligimiz, erkimiz yo`lida jasorat ko`rsatgan ushbu hamyurtlarimizga homiylar, shu jumladan, “Darakchi” gazetasi tomonidan esdalik sovg`alari, “NIKA PHARM” farmasevtik korxonasi hamda “OXYmed” dorixonalar tarmog`i tomonidan 200 minglik dori vositalari uchun maxsus sertifikat, “ZAMONA RANO” farmasevtik kompaniyasi tomonidan fitochoylar to`plami topshirildi.









