2019 yilning 11-12 avgust kunlari Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida, “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi bo`lib o`tadi.
Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasida ommaviy axborot vositalari uchun o`tkazilgan brifingda favqulodda va muxtor elchi Yazguli Mammedov mazkur yirik anjumanning ahamiyati haqida so`zlab berdi.
Elchining aytishicha, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2014 yildayoq Kaspiybo`yi mintaqasi davlatlari o`rtasida transport va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda Kaspiy iqtisodiy forumini tashkil etish tashabbusni ilgari surgan.
Ta`kidlanganidek, Kaspiybo`yi mintaqfasi yirik iqtisodiy, energetik va transport imkoniyatlariga ega bo`lgan strategik hududlardan biri sanaladi. 2018 yil 12 avgust kuni Qozog`istonning Aktau shahrida o`tkazilgan Kaspiy sammitida mazkur dengizning huquqiy maqomini belgilash haqida bir qator hujjatlar imzolangan, ushbu anjumanda Turkmanistonda Kaspiy iqtisodiy forumini o`tkazisha kelishib olingan.
Ma`lumki, Kaspiy dengizi sayyoramizdagi eng yirik yopiq suv havzasi hisoblanib, uning umumiy maydoni 3 100 000 kilometr-kvadratga teng. Mazkur dengiz to`lqinlari beshta davlat – Turkmaniston. Qozog`iston, Ozarboyjon, Rossiya va Eron sohillarini yuvib turadi.
–Ayni paytda Kaspiy havzasida joylashgan mamlakatlar o`rtasida har taraflama hamkorlik, xususan iqtisodiy munosabatlar rivojlanib bormoqda. Ushbu mamlakatlar o`rtasida bugungi kunda biror jiddiy muammolar, echimini kutayotgan nizolar yo`q, - deydi Turkmaniston elchisi Yazguli Mammedov juranlistlarga bergan intervyusida.
Elchining aytishicha, ushbu forum xalqaro konferensiya, innovasion texnologiyalar ko`rgazmasi va tegishli hujjatlarni imzolash marosimini o`z ichiga oladi. Mazkur yirik anjumanga O`zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari ham taklif etiladi.






