Yaqin Sharqdagi eng yirik Arabian Travel Market xalqaro turizm ko`rgazmasida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari va turoperatorlar milliy stend bilan ishtirok etishmoqda. Ko`rgazma doirasida o`zbekistonlik vatandoshlar va xorijiy investorlar bilan muzokaralar o`tkazildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekistonning BAAdagi bosh konsulligi bilan hamkorlikda arab davlatida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv bo`lib o`tib, u erda mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ`ib qilishga doir kelishuvlarga erishildi.


Yarmarka doirasida, shuningdek, O`zbekistonda turizm sohasiga investisiya kiritishni istagan, joylashuv vositalarini qurish istagida bo`lgan bir necha sarmoyadorlar bilan muzokaralar olib borildi. Osiyo davlatlarida O`zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ`ib qilish uchun qator blogerlar va teleshoular tayyorlovchi xususiy korxonalar vakillari bilan ham kelishuvlarga erishildi.

Arabian Travel Market 2019 ko`rgazmasida ishtirok etuvchilar asosan mehmonxona biznesi vakillari, turoperatorlar, transport kompaniyalari, mehmondorchilik sanoati mutaxassislari, o`quv muassasalari va ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari bo`lib, bunday nufuzli ko`rgazmada ishtirok etish yangi bozorlarga chiqish, yangi mijozlar orttirish hamda mavjud aloqalarni mustahkamlash, yangi mahsulotlarni yo`lga qo`yish imkonini beradi.
B2B formatidagi uchrashuvlar natijasida, butun dunyo sayyohlari va turoperatorlari uchun 2800 dan ortiq turistik mahsulot va yo`nalishlar namoyish qilinadi. Ko`rgazma 28 apreldan 1 mayga qadar o`tkaziladi.






