AsosiyJamiyat

Isroilning O`zbekistondagi elchisi Eduard Shapiro yurtdoshlarimizni seminarga taklif etdi

'Isroilning O`zbekistondagi elchisi Eduard Shapiro yurtdoshlarimizni seminarga taklif etdi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Isroil davlatining O`zbekistondagi elchisi Eduard Shapiro va O`zbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi o`rinbosari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg`armasi rahbari Bunyodbek Bahrombekov bilan hamkorlik uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Unda Isroilning MAShAV xalqaro hamkorlik agentligi muvofiqlashtiruvchisi Y.Olxovskaya, “Yoshlar-kelajagimiz” jamg`armasining Yakkasaroy tumani loyihani moliyalashtirish va qurilishni tashkil qilish bo`limi bosh mutaxassisi Akmal Abdujabborovlar ham qatnashdi.

Uchrashuvda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, Isroil va O`zbekistondagi tadbirkor yoshlar o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, ular o`rtasida tajriba almashish bo`yicha hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi.

Suhbat davomida Bunyodbek Bahrombekov Isroil davlatining elchisi Eduard Shapiroga hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun e`tibor qaratganligiga minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlar o`rtasida yoshlar hamdo`stligining rivojlanishi va ular o`rtasidagi tajriba almashinuvida xalqaro hamkorlikning muhimligini ta`kidladi. Delegasiya a`zolariga “Yoshlar – kelajagimiz” jamg`armasi faoliyati haqida ham ma`lumot berildi. Jamg`armaning O`zbekiston yoshlari uchun yangi ish o`rinlarini yaratishdagi o`rni alohida qayd etildi.

Eduard Shapiro o`z navbatida Bunyodbek Bahrombekovga o`z minnatdorligini bildirdi hamda MAShAV agentligining dunyo yoshlari uchun ko`prik vazifasini o`tayotganini e`tirof etdi. Agentlik Isroil mustaqilligining dastlabki yillarida boshlangan madaniyat, san`at, ilm-fan, texnika va ijtimoiy sohalarda faollik ko`rsatganiga alohida to`xtaldi.

Shuningdek, muloqotda san`at va madaniyat sohasi bo`yicha ham mulohazalar yuritildi. Isroil delegasiyasi Toshkentdagi Jazz festivali va unda qo`shiqchilar ishtiroki haqida so`z yuritdi.

Eduard Shapiro o`zbekistonliklarni 2019 yil 27 may kuni o`tkaziladigan qishloq xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha seminarga taklif qildi. Mazkur tadbir qishloq xo`jaligi sohasiga tegishli bo`lgan yosh tadbirkorlar uchun ijobiy ta`sir ko`rsatishi mumkinligini ta`kidladi.

Uchrashuv oxirida tomonlar kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

    Boshqa yangiliklar