AsosiyJamiyat

Milliy gvardiya bayonoti: Samarqandlik tadbirkordan stadioni olib qo`yilmagan (Videosharh)

'Milliy gvardiya bayonoti: Samarqandlik tadbirkordan stadioni olib qo`yilmagan (Videosharh)'ning rasmi

Internetdagi ayrim ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand shahrida yashovchi fuqaro A.Ibodullaevning Samarqand shahridagi kollej hududida qurgan “Mini stadioni” Milliy gvardiya tomonidan olib qo`yilayotganligini iddao qilinishi kuzatilmoqda. Milliy gvardiya matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.

Ma`lum bo`lishicha, ushbu fuqaro 2013 yilning o`rtalarida Samarqand shahridagi kollej rahbariyatiga murojaat etib, kollej hududida faoliyat ko`rsatayotgan 1785,0 kv.m bo`lgan ochiq stadionni ijaraga olishga va ushbu stadion o`rniga yopiq “Mini stadion” qurilishiga ruxsat berishini so`ragan.

Kollej rahbariyati ham A.Ibodullaevning taklifini qo`llab-quvvatlab, ushbu taklif yuzasidan viloyat O`rta maxsus kasb-hunar ta`limi boshqarmasiga iltimosnoma kiritib, ijarachi tomonidan qurilishga sarflanadigan xarajatlarni uch tomonlama ijara shartnomasi asosida, ijara xaqi hisobidan qoplanishini ma`lum qilgan.

Samarqand viloyati O`rta maxsus kasb-hunar ta`limi boshqarmasi tomonidan ushbu taklif yuzasidan “Mini stadion”da kollej o`quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida mini futbol turi bo`yicha mashg`ulotlar o`tkazilishini inobatga olib,masalaga e`tiroz bildirmagan, ya`ni qo`llab-quvvatlagan.

Samarqand shahar hokimining 2015 yil 28 dekabr kunidagi qaroriga ko`ra, Samarqand shahar, N.Yoqubov ko`chasi 2-manzilda joylashgan – “Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kolleji”ga o`z hududida joylashgan 1785,0 kv.metr er maydonidagi ochiq futbol maydonchasi o`rniga, “Yopiq mini futbol maydonchasi” qurishga ruxsat berilgan.

Ushbu stadion qurilishi yakuniga etkazilib, foydalanishga topshirilganidan so`ng, “Davlat mulkini ijaraga berish markazi”, kollej rahbariyati va tadbirkor o`rtasida uch tomonlama ijara shartnomasi tuzilgan. Mazkur ijara shartnomasini amal qilish muddati 2017 yilning 31 dekabr kuniga qadar belgilab qo`yilgan. Ammo, fuqaro A.Ibodullaev 2018 yilning 1 yanvar kunidan ushbu uch tomonlama shartnomani qayta tuzmasdan faoliyat yuritib kelgan.

Hukumat qarori asosida, 2018 yilning oktyabr oyidan mazkur kollej hududi Milliy gvardiya ixtiyoriga o`tkazilgan. Shu davr oralig`ida ushbu fuqaro hech qanday ijara shartnomasisiz, soliq to`lovlarini amalga oshirmay, qonunga zid ravishda faoliyat yuritib kelgan.

Kollej hududi davlat ehtiyojlari uchun Milliy gvardiyaga o`tkazilganidan so`ng, fuqaro A.Ibodullaev avval ushbu mini stadionda tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishni, keyinchalik esa mini stadion o`rniga harbiy qism ehtiyojlari uchun boshqa bino qurilishini bilgach, mini stadion uchun sarflagan harajatlarini Milliy gvardiya hisobidan yoki viloyat hokimligi, shuningdek, O`rta maxsus kasb-hunar ta`lim boshqarmasi tomonidan qoplab berilishini so`ragan.

Fuqaro A.Ibodullaevning ushbu masalada Milliy gvardiya qo`mondoni nomiga qilgan murojaati yuzasidan unga “Mini stadion”ni qurilishiga sarflangan mablag`larni undirish bilan bog`liq yuzaga kelgan nizo bo`yicha Milliy gvardiyaning dahli yo`qligini, ushbu masalada tegishli idoralarga murojaat qilishi kerakligi bir necha bor tushuntirilgan.

Fuqaro A.Ibodullaev Milliy gvardiyani nizoli masalaga aloqasi yo`qligini ongli ravishda bilgan holda, Milliy gvardiyaga kelib, sarflangan harajatlarini viloyat hokimligidan undirib berishni iltimos qilgan.

Fuqaro A.Ibodullaev o`tgan davr mobaynida viloyat hokimligi tomonidan unga tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishi uchun ajratilgan er maydoniga ko`chib o`tmasdan, masalani qonuniy xal qilish o`rniga, ushbu masalada Milliy gvardiya sud idoralariga da`vo kiritganidan so`ng, go`yoki u tomonidan qurilgan “Mini stadion” Milliy gvardiya tomonidan olib qo`yilayotgani bo`yicha turli davlat idoralariga murojaat qila boshlagan.

Vaholanki, o`tgan davr mobaynida fuqaro A.Ibodullaev bilan ushbu masalada bir necha bor yuzma-yuz uchrashilib, amaldagi qonun hujjatlariga asosan harakat qilishi tushuntirilgan, shuningdek, u tomonidan yozilgan barcha murojaatlarga rasman javob berilgan.

Shuni alohida ta`kidlash lozim-ki, 2018 yilda o`z faoliyatini tugatgan Samarqand shahar, N.Yoqubov ko`chasi 2-manzilda joylashgan – “Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kolleji”da Hukumat tomonidan Milliy gvardiya uchun kapital qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Kollej hududidagi “Mini stadion” harbiy qism uchun kerak emasligi, ushbu stadion o`rniga tasdiqlangan rejaga ko`ra, boshqa ob`ekt qurilishi nazarda tutilgan. Ammo stadion ko`chirib ketilmaganligi o`rniga qurilishi lozim bo`lgan ob`ektni belgilangan muddatda qurilishiga to`sqinlik qilmoqda.


    Boshqa yangiliklar