Shu kunlarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tizimidagi «O`zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov qalamiga mansub Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning AQShga ilk rasmiy tashrifi taassurotlariga bag`ishlangan «O`zbekiston «nyusmeyker» davlatlar safida» nomli yangi kitob chop etildi, deb xabar berdi “O`zbekiston” nashriyot-matba ijodiy uyi matbuot xizmati.
Ushbu kitobda Prezidentimizning Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan, 2018 yil 15-17 may kunlari mazkur mamlakatga amalga oshirgan birinchi rasmiy tashrifi doirasidagi uchrashuvlar, muloqotlar va muzokaralar jarayonlari rasmiy manbalar, milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari ma`lumotlari bilan bir qatorda, unda bevosita ishtirok etgan muallifning shaxsiy qaydlari hamda taassurotlari muhtasar tahlil etilgan.
- O`zbekistonimizga, Prezidentimizga ko`rsatilgan hurmat va ehtirom siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta`lim va diplomatiya, jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari hamda inson huquqlari sohalaridagi ochiq, samimiy va ishchan ruhda o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlarning muhim xususiyatini belgilaydi, - deb yozadi muallif. - «Amerika ovozi» teleradiosining dunyo bo`ylab tarqalgan sharhlarida e`tirof etilganidek: «Har safar Prezident Shavkat Mirziyoev so`zlaganida, O`zbekistondagi tub muammolarni o`zi ko`tarib chiqqanida va muhokama qilganida, Vashingtonda bu juda yuqori baholandi. Ayniqsa, uning hukumat xalqqa xizmat qilishi kerak, xalq hukumatga emas, degan tamoyili, qolaversa, Taraqqiyot strategiyasi, O`zbekistonning islohotlar dasturi AQShda yuqori baholandi».
Kitobdan oliy darajadagi muloqotlar, imzolangan o`zaro manfaatli hujjatlar, AQSh Kongressi hamda Davlat departamentidagi uchrashuvlar, Pentagondagi muzokaralar, tarixiy tashrifning xususiyatlari, shuningdek, AQSh prezidenti va davlatiga oid qiziqarli faktlar o`rin olgan.
Kitobni qo`lingizga olib undagi suratlar va ma`lumotlar bilan tanishar ekansiz, beixtiyor o`zingizni mana shu uchrashuvlarda ishtirok etgandek sezasiz, qalbingiz iftixorga to`ladi. Zero, dunyo e`tirof etayotgan, rivojlanishning yangi bosqichiga ko`tarilib, etakchi siyosiy «nyusmeyker» davlatlar safiga qo`shilgan shunday yurt farzandi bo`lish, uning istiqboli uchun o`z hissamizni qo`shish har birimiz uchun katta saodatdir.
Ma`lumot uchun: «Nyusmeyker» inglizchanewsmaker so`zidan olingan bo`lib, «yangiliklar yaratish salohiyatiga ega» degan lug`aviy ma`noni anglatadi. Bu so`zdan siyosiy doiralarda, odatda, muhim yangiliklar manbai hisoblanuvchi va katta ta`sir kuchiga ega nufuzli shaxs, OAVda eng ko`p tilga olinadigan voqea yoki tashkilotni ifodalash uchun foydalaniladi. Mazkur kitobda ushbu atama keng ma`noda, ya`ni shiddatli yangilanishlar boshida turgan – tub islohotlar timsolida yangiliklar yaratishga salohiyatli va qodir ekanini dunyoga ochiq namoyon etayotgan O`zbekistonga nisbatan qo`llanilgan.






