Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi taklifiga binoan Amerika Qo`shma Shtatlarining mashhur "National geographic" (Photogrhy life) telekanali vakillari Nasim Mansurov, Vilyam Maxer va Patrik Kelli mamlakatimizda bo`lib turibdi.
Bir oy mobaynida ular mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari, milliy qadriyatlarimiz, hunarmandchilik namunalari hamda ijtimoiy hayotning boshqa jabhalarini suratga olib, O`zbekistonning turistik salohiyatini targ`ib qiluvchi fotoalbom yaratadi.

Xorijiy telekanal ijodkorlarining Andijon viloyatiga tashrifi uch kun davom etdi.
– Aslida Farg`onaning Marg`ilonidanman, – deydi ijodiy guruh rahbari Nasim Mansurov. – Istiqlol tufayli 20 yil muqaddam Kolorado shtati universitetiga o`qishga kirdim. So`ngra "National geographic" telekanaliga ishga taklif qilishdi. Turfa mamlakatlar, turli xalqlar madaniyati bilan tanishdim. Dilimda esa O`zbekistonni dunyoga tanitish istagi bor edi. Betakror tabiatimiz, boy tariximiz, mehmondo`st xalqimiz haqida hikoya qiluvchi fotoasarlar yaratishni niyat qildim. Bu istagim bugun amalga oshayotganidan baxtiyorman.


Prezidentimizning xorijdagi vatandoshlarimizga murojaatidan ilhomlangan Nasimjon va uning hamkasblari o`zlarining sara ishlarini yurtimiz nashriyotlariga beminnat taqdim etgani ham diqqatga sazovor.
Tashrif davomida mehmonlar viloyat markazidagi "Jome`" majmuasini ko`zdan kechirdi. Hunarmandlar ustaxonalarini aylandi, suhbatlar qurdi. Milliy qo`g`irchoqlar yaratish san`ati, misgarlik, zardo`zlik, zargarlik, kashtachilik kabi san`at namunalarini tasvirlarga muhrladi.






