Xitoyning Meyshan shahrida 12 yoshli maktab o`quvchisi olti yil davomida nogiron do`stini elkasida ko`tarib yurdi, deya xabar qilmoqda Daily Mail nashri.
Syuy Bin`yan va Chjan Sze birinchi sinfda do`st tutinishadi. Chjan to`rt yoshligidanoq mushaklar tez charchab qolishi bilan kuzatiladigan xastalikka chalingan edi. Shu tufayli u mustaqil harakatlana olmasdi.
Shunda Syuy do`stiga madad qo`lini cho`zadi: uni har kuni opichlab maktabga olib keladi, oshxonaga ko`tarib boradi.
“Syuy Bin`yan — mening chin do`stim, — deydi Chjan. — U har kuni men bilan dars tayyorlaydi, suhbatlashadi, o`ynaydi. Menga ko`mak berishdan charchamayotgan do`stimdan o`la-o`lgunimcha minnatdorman”. Syuyning o`zi esa bunday deydi: “Vaznim 40 kilodan ortiq, Chjan Sze esa bor-yo`g`i 25 kilogramm, shunday ekan, do`stimni ko`tarib yurish menga og`irlik qilmaydi”.






