Joriy yilning 27 mart kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasining o`quv poligonida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilarining bitiruv tadbiri bo`lib o`tdi. Unda vazirlik mutasaddilari, Akamemiya rahbariyati, o`qituvchi-murabbiylar, bitiruvchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.Bu haqda IIV akademiyasining matbuot xizmati xabar berdi.
Saf maydoniga orkestr sadolari ostida Akademiya jangovar bayrog`i olib kirilgach, bitiruvchilarga tantanali ravishda diplomlar topshirildi. Akademiya boshlig`i, general-leytenant Bahodir Ahmedovich Matlyubov nutq so`zlab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlash, ayniqsa ichki ishlar organlari uchun har tomonlama professional kadrlarni tayyorlashda muhim poydevor bo`layotganini alohida ta`kidladi.
– Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar, eng avvalo, sohani etuk mutaxassis kadrlar bilan ta`minlashga qaratilgan, – dedi B.Matlyubov. – Bundan ko`zlangan maqsad jamoat tartibi va xavfsizligini ta`minlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurasha oladigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qodir etuk malakali serjant va ofiserlarni tayyorlashdir. Bu o`rinda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning «ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo`lsin. Inson taqdirini hal etishda xodimning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida esa poklik ustuvor bo`lishi shart» degan so`zlari barchamiz uchun dasturulamal bo`lmog`i lozim. Bugun saf maydonida tizilib turgan bitiruvchilarimiz yaqindagina o`z oldiga ulkan maqsadlarni qo`yib, kelajakda xalqparvar ichki ishlar organi xodimi bo`lish orzusi bilan Akademiyaga kelgan edi. Ta`lim jarayonida ular nafaqat kasbiy, jangovar-jismoniy, balki ma`naviy-axloqiy bilimlarni mukammal egallab, o`z mahoratlarini muntazam oshirib bordilar. Ustozlaridan olgan saboqlari tufayli o`z tanlagan mutaxassisliklarining etuk kadrlari bo`lib etishib, kichik serjant unvoni va maxsus diplomni qo`lga kiritdilar. Endi yosh mutaxassislarimiz yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta`minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashish yo`lida o`zlarining bor kuch-g`ayratlari, bilim va ko`nikmalarini safarbar etadilar.

Ma`lumki, davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3216-sonli qarori bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tashkil etilgan edi. Fakultetning asosiy faoliyat yo`nalishlari sifatida – ichki ishlar organlarining serjant va ofiserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kabi vazifalar belgilandi.

Fakultetda ichki ishlar organlarining ofiserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash oliy ma`lumotga ega bo`lgan fuqarolar uchun olti oylik dastur asosida amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, 2018/19 o`quv yilida fakultetga 300 nafar tinglovchi o`qishga qabul qilindi. Tinglovchilar “Profilaktika faoliyati”, “Yo`l-patrul xizmati faoliyati”, “Qo`riqlash xizmati faoliyati”, “Patrul-post xizmati faoliyati”, “Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati faoliyati”, Jazoni ijro etish xizmati faoliyati” hamda “Ma`muriy faoliyat” yo`nalishlari bo`yicha bilim oldilar. O`quv jarayoni mobaynida ularning yuksak kasbiy hamda jangovar-jismoniy ko`nikmalarni shakllantirishga alohida e`tibor qaritildi. Mashg`ulotlar malakali professor-o`qituvchilar hamda ichki ishlar organlarida katta amaliy tajribaga ega xodimlar tomonidan olib borildi. O`quv jarayoni yakunida esa tinglovchilar ichki ishlar organlarida bitiruvoldi ish o`rganish amaliyotini o`tadilar.

O`quv yig`ini yakunida tinglovchilarga “leytenant” maxsus unvoni va diplom berildi.

Tadbirda bitiruvchilar va ularning yaqinlari so`zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallab, kelajakda etuk mutaxassisi bo`lib etishishi yo`lida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni e`tirof etib, bitiruvchilarning xizmat faoliyatiga ulkan zafar tiladilar.






