O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 19 mart kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ`ib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig`ilishda davlat rahbari aholi, ayniqsa, yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish masalasiga to`xtalar ekan, “Har bir rahbar o`zining shaxsiy kutubxonasidan o`zi ta`lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg`a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo`lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi”, deb ta`kidladi.
Haqiqatdan ham, o`sib-unib kelayotgan yigit-qizlar jamiyatda o`z o`rniga ega bo`lgan, ma`lum bir yutuqlarga erishgan kishilarga havas qiladi, ularga o`xshashga intiladi, ortidan ergashadi. Ular tomonidan sovg`a qilingan kitoblar albatta o`qiladi, asrab-avaylanadi, qadrli sovg`a sanaladi.
Prezident tashabbusi o`laroq O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Surxondaryo viloyatiga safari davomida viloyatning Jarqo`rg`on tumani Kakaydi qo`rg`onidagi 5-maktabda bo`lib, maktab kutubxonasiga o`z shaxsiy kutubxonasidan kitoblar sovg`a qildi.
Ushbu kitoblar maktab o`quvchilari yanada chuqur bilim olishi, dunyoqarashini kengaytirishi, ma`naviyatini rivojlantirishga katta hissa qo`shadi.






