AsosiyJamiyat

Navro`zga bag`ishlab tog`da harbiy xizmatchilar o`rtasida marafon o`tkazildi

'Navro`zga bag`ishlab tog`da harbiy xizmatchilar o`rtasida marafon o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi tomonidan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari o`rtasida Navro`z bayramiga bag`ishlangan “Skayraning” (Toqqa yugurish) bo`yicha marafon o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mudofaa vazirligi Tog` tayyorgarligi o`quv-mashqlar markazi mezbonligi ostida o`tkazilgan marafonda 60 dan ortiq harbiy xizmatchilar qatnashib, Bo`stonliq tumanining Galavasoy-Bildirsoy-Chimyon tog`ining so`qmoq yo`llari, qorli qiyaliklar va toshli qoyalar bo`ylab Kichik Chimyon cho`qqisigacha (2090 m.) tog` hududlarida 21 kilometr masofaga yugurishdi.

Mutaxassislar tomonidan tanlangan ushbu yo`nalishning dengiz sathidan o`rtachabalandligi 1700 metrni va tushib chiqishi 1100 metrni tashkil etib, marafon ishtirokchilariga tog` tayyorgarligi bo`yicha o`z ko`nikmalari va jismoniy tayyorgarligini sinab ko`rishga xizmat qildi.

Ta`kidlash kerakki, tog`ning o`ziga xos relefi va injiq ob-havo sharoitiga qaramay harbiy xizmatchilar o`z harbiy bo`linmalari sharafini himoya qilishda sog`lom raqobat va munosib bellashuv olib borishdi.

Marafon yakuniga ko`ra, Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birining shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchisi Arman Qurolov 1 soatu 46 daqiqa natija bilan 1-o`rinni egalladi.

G`olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, diplomlar va qimmatboho sovg`alar bilan taqdirlandi.

    Boshqa yangiliklar