Xitoyning Szyansu provinsiyasidagi Susyan shahridagi maktablardan birida musiqadan dars beruvchi o`qituvchi ayol yomon xulqli 2-sinf o`quvchilarini o`z-o`zlarini urishga majbur qildi, deb xabar berdi Lenta ru nashri.
Bolalarga multfilm qo`yib bergan o`qituvchi sinfdan chiqib ketgan. Yolg`iz qolgan bolalar shovqin ko`tarib, to`polon qilishgan. Ularning ovozidan sinfga qaytgan o`qituvchi bolalarni o`zlarining yuziga shappatlashga majbur qilgan. O`quvchilardan biri yuziga 58 marotaba urgan. O`quvchilar uyga yuzlari qizargan holda qaytishgan.
Bolalarining ahvolidan xavotirga tushgan ota-onalar okrug maorif byurosiga shikoyat qilib, tekshiruv o`tkazishni talab qilishgan. O`tkazilgan surishtiruvlar natijasida voqeaga oydinlik kiritilgan. O`qituvchi ayol ishdan chetlashtirilgan va har bir bolaning uyiga borib, ota-onasidan kechirim so`ragan.






