Jizzaxda ayollar o`rtasida yuqori saviyada tashkil etilgan xalqaro turnirda olimpiyachilarimiz klub sifatida Evropa Chempionlar ligasi vakilini, tarkib bo`yicha esa Jahon chempionati ishtirokchilariga munosib qarshilik ko`rsata olishdi.
Viloyat markaziy stadionida o`ziga xos turnir o`tkazildi. Jizzaxliklarning taklifiga O`zbekiston Olimpiya, Qirg`iziston yoshlar (U-19), Olmaliqning AGMK hamda Qozog`istonning “BIIK” jamoalari labbay deya javob berishdi. Viloyat hokimining ko`rsatmasi bilan turnirni yuqori saviyada tashkil etish guruhi tuzildi, vazifalar belgilab berildi. Eng qizig`i, hokimning o`zi nafaqat musobaqaning ochilish va yopilish marosimlarida, balki deyarli barcha o`yinlarida ham ishtirok etdi, kuzatdi.
Besh kunlik taqvim ostida o`tkazilgan turnirda oldindan kutilganidek, O`zbekiston Olimpiya termasi hamda Qozog`iston klubi so`nggi kuni bir-biriga ro`baro` keldi. Ungacha har ikkala jamoa ham raqiblarini mag`lubiyatga uchratib bo`lgan, yuz foizli natija qayd etishgandi. So`nggi o`yin oldidan faqat birinchi va ikkinchi o`rindan tashqari barcha o`rinlar egasi ma`lum bo`lib ulgurdi. Hal qiluvchi uchrashuvda omadi kulgan jamoa turnir g`olibi bo`lishi lozim edi. Bu borada imkoniyat mehmonlarda bo`lib, qo`shni respublika vakillarini durang natija ham qanoatlantirardi. Sababi, to`plar nisbati bo`yicha ustunlik qozog`istonliklarda edi.
– O`zbekistonda ayollar futboliga bu darajada e`tibor berilishini, to`g`risi, kutmagandim. Turnirning tashkiliy masalalariga gap yo`q, meni hayratga solgani esa nafaqat terma jamoangizning, balki klublaringizning ham maydondagi xatti-harakatlari bo`ldi. Yashirmayman, tarkibimiz ancha saralangan, dunyoning eng kuchli futbolchi ayollarini jalb etganmiz. Jizzaxdagi musobaqada shunchaki qatnashib, dam olib qaytamiz deb o`ylagandik. Xato qilibmiz, ayniqsa Olimpiya terma jamoangizning o`yinidan, futbolchilaringizning individual mahoratidan hayratim oshdi. O`yinlarni vaqtining tig`izligiga qarmay, viloyat hokimining shaxsan o`zi kelib tomosha qilyaptimi, demak O`zbekistonda futbol, ayniqsa, ayollar futboli rivoji to`g`ri yo`ldan ketyapti. O`zbekistonning klublar va terma jamoalari bilan har qachon, har joyda kuch sinashishga tayyorman, - deydi “BIIK” jamoasining bolgariyalik bosh murabbiyi Kaloyan Petkov.






