Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri “Salomatlik sari qadam kuni”, deya nomlandi.
Aholining sog`lom turmush tarziga amal qilishini qo`llab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan mazkur tadbir yurtimizdagi barcha tuman va shaharlardagi istirohat bog`larida o`tkazildi. Musobaqalarda hududda joylashgan barcha tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig`inlari, korxona va tashkilotlardan kelgan jamoalar ishtirok etishdi. Ushbu kunning bayramona kayfiyatda o`tishida tibbiyot sohasining ko`zga ko`ringan, tajribali shifokor olimlari bilan birgalikda tegishli hokimliklarning madaniyat bo`limlari, san`at saroylari vakillari, o`sha hududda yashovchi fan, madaniyat, san`at arboblari, sport namoyondalari, xalq orasida obro`-e`tiborga ega fuqarolar ham munosib hissa qo`shishdi.

Jumladan, poytaxtimizdagi Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobog`da jam bo`lgan Sog`liqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi. Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, to`siqlardan o`tish estafetasi hamda xalqa aylantirish sport turlari bo`yicha o`zaro bellashdi. Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, bo`g`imlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik va qobiliyatni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yuqori elka kamari, oyoq-qo`llar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma a`zolari va tizimlari ishi rag`batlantiriladi.

– Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha stasionar shifoxonalarga ham sig`may qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning o`zi uchun ham jiddiy tashvishdir, – deydi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Shu bois sog`lom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga echim bo`ladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni emas, avvalo, uning profilaktikasiga e`tibor qaratishni muhim vazifa sifatida qo`yayotgani ham bejiz emas. Shuning uchun vazirligimiz ushbu yo`nalishdagi targ`ibot ishlariga alohida e`tibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam o`tkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka bo`lgan qiziqishini oshirib, o`z salomatligiga e`tiborli bo`lishida muhim o`rin tutmoqda. Bugungi tadbirni ham bejizga yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini me`yorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomg`irli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, o`zingizni baxtli his qilasiz, tushkunlikni engasiz.
Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi bo`yicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan “Salomatlik maydonchalari” tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Sog`lom turmush tarzi asoslari”, “Sog`lom ovqatlanish tamoyillari”, “Jismoniy faollikning inson organizmiga ta`siri” mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sog`lom turmush tarziga bo`lgan qiziqishini oshirdi.
Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan uyushtirilgan mazkur ommaviy tadbir yurtimiz bo`ylab ko`tarinki ruhda tashkil etildi. Eslatib o`tamiz, kelgusi shanba, 30 mart vazirlik tomonidan mamlakatimiz hududlarida Velosipedda sayr kuni o`tkaziladi.






