O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon taklifiga binoan joriy yilning 24-26 mart kunlari rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo`ladi.
Tashrif dasturidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Abu Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo`mondoni o`rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon hamda BAA vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuvlari o`rin olgan.
Muzokaralar kun tartibiga ko`p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, innovasion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari kiritilgan.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Tashrif yakunida O`zbekiston Respublikasi va BAA o`rtasida Qo`shma bayonotni qabul qilish, investisiyalar, moliya, qayta tiklanadigan energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo`jaligi, bojxona ma`muriyatchiligi, mehnat resurslari, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash ko`zda tutilgan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari “Masdar-siti” texnoparki faoliyati bilan tanishishi, qator sanoat, ijtimoiy va boshqa ob`ektlarga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma`lum qildi.






