Mamlakatimizda axborot-kommunikasiya texnologiyalari izchil rivojlanib bormoqda. Bu, o`z navbatida, sohaning barqaror taraqqiy etib borishi uchun malakali mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojni oshiradi. Joriy yilning 19 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, ularni axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg`or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o`quv markazlarini tashkil etish bo`yicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o`rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug`ullanish bo`yicha innovasion ko`nikmalar beriladi, “startap” loyihalarga yordam ko`rsatiladi.
Ushbu tashabbus asosida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o`rinlarda – Vazirlik) tomonidan Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida shunday markazlar tashkil etish bo`yicha konsepsiya ishlab chiqildi.
Bugun, 22 mart kuni “O`zbektelekom” Aksiyadorlik kompaniyasi Sirdaryo viloyat filiali Mirzaobod tumani telekommunikasiya bog`lamasi ma`muriy binosida “Raqamli texnologiyalar markazi” ochildi.
Ta`kidlash zarurki, qisqa fursatlarda Vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik o`quv markazini ochish bo`yicha tashkiliy choralar ko`rilib, Markaz zamonaviy kompyuterlar va zarur jihozlar bilan ta`minlandi. Ushbu Markazning mamlakatimiz bo`ylab Navro`z umumxalq bayrami tadbirlari davom etayotgan paytda ochilishi Sirdaryo viloyati yoshlariga munosib bayram tuhfasi bo`ldi.
Mirzaobod tumanida joylashgan mazkur Markaz Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarda ochiladigan markazlar hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Hindistonning ilg`or tajribasi asosida tashkil etilayotgan Texnopark o`rtasida o`ziga xos ko`prik vazifasini bajaradi.
Markazda yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat sohasida innovasion tadbirkorlik yo`nalishida o`quv kurslari tashkil etiladi. Ushbu Markazda 3 ta yosh toifasida, ya`ni 9-15, 16-19 hamda 20-25 yoshdagi ta`lim oluvchilar bosqichma-bosqich axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar sifatida tayyorlanadi.
Qolaversa, Markazda yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini o`rgatish, turli o`yinlar bo`yicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy o`yinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar o`tkazish ham ko`zda tutilgan.
“Raqamli texnologiyalar markazi”ning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, ta`lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini
rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati






