AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ilk bor «Doctors community cup – Tashkent – 2019» xalqaro turniri o`tkaziladi

'O`zbekistonda ilk bor «Doctors community cup – Tashkent – 2019» xalqaro turniri o`tkaziladi'ning rasmi

Turnir Sog`liqni saqlash vazirligi hamda O`zbekiston sog`liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan o`tkazilmoqda. Bu haqda joriy yilning 25 – 30 mart kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi va Ukraina shifokorlarining futbol jamoalari ishtirokida o`tadigan “Doctors Community Cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o`tildi.

Ma`lumki, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan sog`lom turmush tarzi targ`ibotiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yil mart oyi boshidan buyon haftaning har shanbasida Respublika yurish kuni, Respublika yurish marofoni kabi ommaviy tadbirlar ko`tarinki ruhda o`tkazildi. Mazkur xalqaro turnir ham ushbu sa`y-harakatlarning uzviy davomidir. Ya`ni, sog`liqni saqlash muassasalari tibbiyot xodimlari o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, shifokorlar o`rtasida millionlar o`yini bo`lgan futbolni ommalashtirish, dunyo hamjamiyati shifokorlari o`rtasida yurtimiz shifokorlarining obro`si va imidjini oshirish, chet ellik shifokorlarga yurtimizning diqqatga sazovor joylari va turistik salohiyatini namoyish qilish maqsadida “Doctors Community Cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri tashkil etilmoqda.

Musobaqa reglamentiga asosan, o`yinlarda 25 yoshdan katta bo`lgan, mutaxassisligi va fuqaroligidan qat`i nazar, shifokorlik diplomiga ega bo`lgan xodimlar ishtirok etadi. Turnirda O`zbekiston terma jamoasidan tashqari Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Belorus, Ukraina terma jamoalari o`zaro raqobatlashadi. Bundan tashqari, turnirga Fransiyada joylashgan Jahon sog`liqni saqlash xodimlari Olimpiya o`yinlari assosiasiyasi vakili Giyom Gassend ham taklif etilgan.

Aytish joizki, Rossiya jamoasi 40 va undan katta yoshdagi shifokorloar bilan yurtimizga tashrif buyuradi. Shu sababli ham mazkur yosh toifasida O`zbekiston-2 terma jamoasi ham ishtirok etadi. Shu tariqa nufuzli musobaqada jami 8 ta jamoa qatnashadi.

Eslatib o`tamiz, musobaqaning tantanali ochilish va qur`a tashlash marosimi 25 mart kuni bo`lib o`tadi. Unda O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Belorus va Ukraina jamoalari 2 ta guruhga bo`lingan holda o`zaro kurashadi. O`yinlar 11.00 va 14.00da poytaxtimizdagi “Milliy ” va “Jar” stadionlarida o`tkaziladi. Rossiya va O`zbekiston-2 terma jamoalari esa guruh bahslarida ishtirok etmaydi. 29 mart kuni Pley-Off o`yinlari, 30 mart kuni musobaqaning g`olib va sovrindorlari aniqlanadi. Turnirning tantanali yopilish marosimi soat 17.00 da bo`lib o`tadi.

Tadbir doirasida “Tibbiyot va sportda innovasiyalar” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar ham o`tkazilishi va unda tibbiyotning dolzarb masalalari bo`yicha shifokorlarning o`zaro tajriba va fikr almashishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, mehmon jamoalarning Samarqand shahriga sayohatini tashkil qilish orqali ularga yurtimizning turistik salohiyati va imkoniyatlarini keng namoyish qilish rejalashtirilgan.

Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mas`ullar tomonidan batafsil javob berildi.

    Boshqa yangiliklar