O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 mart kuni investisiya loyihalarini amalga oshirish va to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb etishni jadallashtirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi, deb xabar berdi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.
Ma`lumki, investisiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi – drayveridir. Keyingi yillarda butun dunyoda xorijiy investisiyalar jalb etish tobora murakkab kechmoqda.
Masalan, 2018 yilda jahonda investisiya oqimi 19 foizga kamaygan.
Shu bois, jalb etilgan xorijiy investisiyalardan samarali foydalanish, bu borada jadal va tizimli ish olib borish zarur.
Joriy yil 8 yanvar kuni bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida davlatimiz rahbari investisiyalarni jalb qilish, qulay investisiya muhitini yaratish bo`yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Shu asosida aniq moliyalashtirish manbalarini ko`rsatgan holda davlat investisiya dasturi tasdiqlandi. Xususan, bu yil jami 4,2 milliard dollar qiymatidagi to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar o`zlashtirilishi belgilangan.
Yig`ilishda o`tgan ikki oyda bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish holati umuman sust ketayotganini ta`kidlab, mutasaddilarni jiddiy ogohlantirdi. Ayrim tarmoq va hududlarda chet ellik investorlarga taqdim etish uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar bo`yicha takliflar yo`qligi tanqid qilindi.
Prezidentimiz tegishli vazirlik va hokimliklar oldiga aniq va qat`iy vazifalar qo`ydi. Investisiya va tashqi savdo vazirligiga energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektr texnikasi, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo`yicha investisiya loyihalari portfelini shakllantirish topshirildi.

Hukumatlararo komissiya yig`ilishlari investisiya loyihalarini shakllantirish bo`yicha zarur maydonga aylanmagani qayd etilar ekan, to`g`ridan-to`g`ri investisiya jalb etish bo`yicha har bir komissiyaning maqsadli ko`rsatkichlarini ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.
Butun dunyoda davlat-xususiy sheriklik tizimi investisiya jalb qilishning muhim omillaridan biridir. Shuni inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tuzilgan edi. Yig`ilishda mazkur agentlik faoliyatini tashkil etishga ham e`tibor qaratilib, mutasaddilarga transport, energetika va xizmat ko`rsatish sohalarida davlat-xususiy sheriklik asosida chet el kapitali ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish vazifasi qo`yildi.
Yangi tuzilgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat ulushi mavjud bo`lgan korxonalarga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb qilish ishlarini jadallashtirish bo`yicha aniq ko`rsatmalar berildi.
Yuqorida qayd etilgan yo`nalishlar bo`yicha chet el sarmoyalarini jalb etish uchun xorijiy davlatlarda taqdimotlar – roud-shoular o`tkazish zarurligi aytildi.
Bu yilgi Investisiya dasturiga muvofiq, markazlashgan mablag`lar hisobidan 3 mingga yaqin ob`ektda qurilish va ta`mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz moliyalashtirish va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni tezroq yakunlab, qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash bo`yicha ham topshiriqlar berdi.
Bunday dasturlarni ishlab chiqishni takomillashtirish maqsadida loyiha institutlarini boshqarishga xorijiy tajribani keng joriy etish kerakligi qayd etildi.
Yig`ilishda ta`kidlanganidek, hududlarda ishlab chiqarish sohalariga investisiya jalb qilish ahvoli talabga javob bermaydi. Vaholanki, mamlakatimizga ko`p miqdorda farmasevtika va gigiena vositalari, oziq-ovqat tovarlari, bolalar kiyimlari import qilinmoqda. Aslida bunday mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud.
Shu bois, Prezidentimiz vazirlik va idoralar rahbarlariga o`zlariga biriktirilgan hududlarga chiqib, u erda amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish, iste`mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun investorlarni hududlarga, shu jumladan, erkin iqtisodiy zonalarga jalb etish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Xalqaro moliya institutlari mablag`larini o`zlashtirish holatiga e`tibor qaratilar ekan, bu boradagi yillik rejani bajarishda Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish, Sog`liqni saqlash, Suv xo`jaligi vazirliklarida qoloqlik mavjudligi ko`rsatib o`tildi. Mutasaddilarga ushbu yo`nalishdagi ishlarni jadallashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Ba`zi joylarda zarur infratuzilma yo`qligi investisiyalar jalb etishga to`siq bo`layotgani, loyihalar uchun er ajratish, elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizasiya tarmoqlariga ulanishda muammolar borligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va sanoat, Investisiya va tashqi savdo vazirliklariga hududlarning infratuzilma ob`ektlarini rivojlantirish bo`yicha 3 yillik dastur ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.
Barcha topshiriqlar ijrosini ta`minlash va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.






