Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Osiyo karate federasiyasi bosh menejeri Vinsent Chen boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar beradi.
Uchrashuvda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Oybek Qosimov, O`zbekiston karate milliy federasiyasi raisi Alamjon Mullaev hamda federasiya Bosh kotibi Kamoliddin Xodjiniyazov ishtirok etdi.
Tadbirda asosan karate WKF bo`yicha 2019 yilgi Osiyo chempionatini O`zbekistonda tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar karateni yurtimizda yanada ommalashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilarimizni nufuzli musobaqalarga tayyorlash bo`yicha amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar haqida o`zaro fikr almashdi.
Uchrashuvda Oybek Qosimov Osiyo karate federasiyasi delegasiyasi a`zolariga so`nggi yillarda yurtimizda karateni ommalashtirish yo`lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma`lumot berib, poytaxtimizda Osiyo chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bo`yicha barcha choralar ko`rilishini ma`lum qildi.
“Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shuni mamnuniyat bilan ta`kidlash lozim, mamlakatimiz sport turlari bo`yicha bir qator jahon va Osiyo chempionatlariga muntazam ravishda mezbonlik qilib kelmoqda. Xususan, joriy yilda O`zbekiston 34ta nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Karate WKF bo`yicha qit`a birinchiligiga ham munosib mezbonlik qilish bo`yicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi,” – dedi O.Qosimov.
O`z navbatida janob Vinsent Chen ham chempionat oldidan mavjud sharoitlar bilan tanishish va ushbu masala yuzasidan muzokara olib borish maqsadida yurtimizga kelganini ta`kidladi.
“Yana Toshkentda ekanligimdan bag`oyat xursandman. Poytaxtingiz menda katta taassurot qoldirgan. Bu erda o`zimni juda ajoyib his qilaman. Yurtingizda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan e`tiborni o`zbekistonlik sportchilarning nufuzli musobaqalarda qo`lga kiritayotgan natijalaridan ham ko`rish mumkin. Aholi sonidan kelib chiqadigan bo`lsak, yutuqlaringiz aholisi ancha ko`p va iqtisodiyoti rivojlangan ayrim davlatlardan yuqori. Tashrifim davomida mavjud infrastrukturani o`rgandim. Toshkent nafaqat qit`a birinchiliklari, balki jahon miqyosidagi musobaqalarni o`tkazishga ham tayyor, deb o`ylayman”, – dedi janob Vinsent Chen.
Yakunda tomonlar joriy yil iyul oyida poytaxtimizda Tokio-2020 olimpiadasiga lisenziyalar o`ynaladigan Osiyo chempionatini o`tkazishga kelishib olishdi.
Darvoqe, poytaxtimiz qit`a chempionatiga mezbonlik qilish huquqini o`tgan yili qo`lga kiritgandi. Ammo, keyinchalik O`zbekiston karate milliy federasiyasi boshqaruvida yuz bergan o`zgarish va yuzaga kelgan tushunmovchiliklar tufayli Osiyo karate federasiyasi kattalar o`rtasidagi qit`a chempionati mezbonligini Toshkentdan olib qo`ygan edi. Nihoyat, yana hammasi izga tushdi va biz uchun muhim bo`lgan musobaqa mezbonligi yana O`zbekiston karate milliy federasiyasiga qaytarildi.






