Ma`lumki, endokrin kasalliklar orasida qandli diabetga qarshi kurashish endokrinologiyaning dolzarb vazifasidir. Hozirda dunyo bo`ylab 425 million qandli diabet holati qayd etilgan bo`lsa-da, ammo amalda kasallangan bemorlar ikki barobar ko`pdir. Shu bois so`nggi yillarda yurtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu kasallik bilan og`rigan bemorlarning milliy registri olib borilmokda. Natijada, erta tashxis qo`yish va o`rin bosuvchi dori-darmon bilan ta`minlash, o`zini o`zi nazorat qilish usullari yordamida bemorlarni kuzatish va o`qitishni optimallashtirish, bu sohada joylarda endokrinologlarni qayta o`qitish yaxshilandi. Kelgusida kadrlar etishmovchiligining bartaraf etish, ya`ni 30 ming aholini 1 nafar endokrinolog shifokor bilan ta`minlash, shu bilan birga, ularning bilim va malakasini oshirishga ham alohida ahamiyat beriladi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida tashkil etilgan “Aholini, ayniqsa, yoshlarni qandli diabet kasalligidan himoya qilish chora-tadbirlari: natijalar, muammolar va echimlar” mavzusida matbuot anjumanida aytib o`tildi.
Aholining reproduktiv salomatligi, onalar, bolalar va o`smirlarning sog`lig`ini saqlashni yanada kuchaytirish borasida tasdiqlangan Davlat dasturi doirasida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida hududlar kesimida 42 nafar 1-tur qandli diabet bilan og`rigan bemor bolalar “Medtronik”,“Minimed-715” insulin pompalari va uning anjomlari bilan ta`minlandi. Natijada bolalarning sog`lom hayotga qaytishiga erishildi. Joriy yilda ham markaz tomonidan o`tgan yil dekabr oyidagi dastur doirasida xarid qilingan 50 dona insulin pompalari yil davomida 50 nafar qandli diabetning 1-turi bilan og`rigan bemor bolalar va o`smirlarga, 5 nafar homiladorlikni rejalashtirgan, qandli diabetning 1- yoki 2-turi bilan kasallangan ayollarda qo`llanilishi rejalashtirilgan.

– Qandli diabet bilan og`rigan bolalar, o`smirlar va ushbu kasallikning 1-turiga chalingan katta yoshlilar hamda insulin bilan muolaja qilinadigan 2-tur bemorlar ko`proq e`tiborga muhtoj bo`lishadi. Ushbu guruh bemorlar yuz foiz davlat tomonidan insulin bilan ta`minlanmoqda, – deydiRespublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Feruza Haydarova. – Qandli diabetni o`z vaqtida aniqlanish va samarali davolash asoratlar yuzaga kelishini kamaytiradi, bemorlar hayotini uzaytirib, asoratlarni davolashda ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytiradi. Kasallikni davolash barobarida, uning oldini olish eng muhim vazifadir. Ayniqsa, 2-tur qandli diabetning oldini olish sog`lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatga bog`liq. Ya`ni, ovqatlanish tartibiga rioya etmaslik, kamharakatlilik, semizlik va qon bosimining yuqori bo`lishi ushbu xastalikning asosiy sabablaridir.

Yana bir e`tiborli jihati, Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizning ayrim viloyatlarida 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabetning skriningi o`tkazilmoqda. Barcha viloyat endokrinologik dispanserlarini esa o`z vaqtida uzluksiz ravishda zarur reaktivlar, xususan, glikirlangan gemoglobin va qalqonsimon bez gormonlari reaktivlari bilan ta`minlash yo`lga qo`yildi. Bundan tashqari, 1-tur qandli diabet bolalar va o`smirlarni analog insulinlar, insulin yuborish uchun maxsus moslamalar (insulin shpris-ruchkalari) va o`z-o`zini nazorat qilish vositalari bilan to`liq ta`minlash bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsiz javob berildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






