Bugun, 19 mart kuni Chirchiq dala o`quv maydonida Mudofaa vazirligi qo`shinlarini 2018—2021 yillarda harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash, ularni ta`mirlash va modernizasiya qilish bo`yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq yangi harbiy texnikalar qo`shinlarga foydalanish uchun yo`l oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tantanali tadbirda O`zbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo`yicha o`rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov, Toshkent harbiy okrugi qo`mondonligi vakillari hamda harbiy texnikalarni qabul qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.


Jami ikki yuzga yaqin harbiy texnika va qurol-aslaha namunalari keyingi foydalanish uchun tantanali ravishda qo`shinlarga topshirildi. Ular orasida yuk, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam ko`rsatishga mo`ljallangan harbiy transport texnikalari mavjud.
«Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, Qurolli Kuchlarimiz qo`shinlarining kudrati va saloxiyatini oshirish, kolaversa xarbiylarimiz ko`nikmasini yanada mustahkamlash maksadida qo`shinlarni yangi, zamonaviy, bugungi kun talablariga javob beradigan qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta`minlash ishlari jadal davom etmokda. Bugun sizlarga topshirilayotgan harbiy texnikalar qilayotgan ishlarimizning bir qismi, debochasi hisoblanadi. Hali bundan-da zamonaviy zirhli texnikalar, o`q-dorilar hamda havo hujumidan mudofaa vositalari bilan ta`minlashni reja qilganmiz. Harbiy xizmatchilarimiz ushbu texnikalardan okilona va samarali foydalanish bilan bir katorda ularni doimo jangovar shay holda saqlashiga umid bildiraman», — deydi mudofaa vaziri o`rinbosari O. Ismoilov.








Eslatib o`tamiz, 2018 yilda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida qo`shinlarni zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan ta`minlash hamda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasini yaratish ko`zda tutilgan edi.






