Rossiya Federasiyasining Tver shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashiga tarkibiga kiruvchi davlatlarning oliy harbiy ta`lim muassasalari kursantlari o`rtasida informatika fani bo`yicha xalqaro olimpiadaga start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
22 martga qadar davom etadigan xalqaro olimpiadaning mazkur yo`nalishida O`zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta`lim muassasalaridan ham vakillar ishtirok etmoqda.
Rossiya Federasiyasi Harbiy kosmik kuchlari akademiyasi tashkilotchilik qilayotgan olimpiadaning ushbu yo`nalishida kursantlar umumiy hamda mutaxassislik tayyorgarligi shartlari bo`yicha o`zaro bellashadi.
Eslatib o`tamiz, 2018 yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida informatika fani bo`yicha bo`lib o`tgan bahslarda al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti (hozirgi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti) kursantlaridan iborat jamoa birinchi bor ishtirok etishiga qaramay faxrli 3-o`rinni qo`lga kiritgan edi.
Olimpiadaning navbatdagi yo`nalishlari bo`yicha bellashuvlar 24—29 mart kunlari Armanistonning Dilijon shahrida Ingliz tili bo`yicha (Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasi), 20—25 aprel kunlari Qozog`istonning Karaganda shahrida matematika fani bo`yicha hamda Rossiyaning Ryazan shahrida Harbiy-kasbiy tayyorgarlik bo`yicha (Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi) bo`lib o`tadi.
Ta`kidlash kerakki, 19—23 mart kunlari Sankt-Peterburg shahrida oliy ta`limgacha muassasalar o`quvchilarining matematika va fizika fanlaridan I halqaro olimpiadasi ham o`tkazilishi ko`zda tutilgan. Unda Mudofaa vazirligiga qarashli Farg`ona, Urganch va Samarqand «Temurbeklar maktablari»ning o`quvchilari ham birinchi marta ishtirok etadi.






