AsosiyJamiyat

"Ko`ngil ko`zi" loyihasining taqdimoti bo`lib o`tdi

'"Ko`ngil ko`zi" loyihasining taqdimoti bo`lib o`tdi'ning rasmi

Bugun, 18 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tashabbusi bilan “Ko`ngil ko`zi” loyihasini amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” taqdimotiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Anjumanda O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning O`zbekistondagi elchixonalari, vazirliklar, idoralar, ko`rish imkoniyati cheklanganlar bilan ishlashga ixtisoslashgan davlat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari, shuningdek, ko`zi ojizlar maxsus maktab-interneti o`quvchilari, jurnalistlar ishtirok etdi.

“Yurtimizdagi 12 ta maxsus internatda 3 ming nafardan ortiq ko`zi ojiz yoshlar tarbiyalanadi. Ular uchun Agentlik tizimidagi yagona nashriyotda zarur darslik va boshqa adabiyotlar nashr etib kelinmoqda, — dedi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov.

– Ammo “Ko`zi ojizlar bosmaxonasi”ning 1960 – 1980 yillarda ishlab chiqarilgan texnikalari juda eskirgan bo`lib, ishlab chiqarish quvvati bugungi kun talabiga javob bermaydi. Uskunalar bilan yiliga bor-yo`g`i 18 nomdagi darslikni chop etish mumkin. Holbuki, ta`lim dasturi bo`yicha ko`rish qobiliyati cheklangan o`quvchilar uchun 48 nomdagi darsliklar zarur. Shuningdek, oliy ta`lim muassasalari uchun bunday maxsus darsliklar umuman nashr etilmaydi”.

Shuningdek, “Ko`ngil ko`zi” loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma`lumot berildi:

– Ko`zi ojiz bo`lgan bolalarni darsliklar , badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan ta`minlash;

– Bosmaxona xodimlarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash va ular uchun qulay mehnat sharoiti yaratish;

– “Ko`zi ojizlar bosmaxonasi”ni moddiy-texnik bazasini modernizasiya qilish;

Ushbu yo`nalishlardagi ishlarni amalga oshirish jarayonida maxsus maktab internatlarda o`qiydigan bolalar uchun darsliklar chop etish, audio kitoblar onlayn kutubxonasini yaratish, “Sharq ertaklari”, “O`zbek adabiyoti durdonalari” “Alohida toifadagi bolalar” ruknidagi kitoblar to`plamini nashr qilish, ko`zi ojizlar uchun “Bir jamoa” yagona internet-portalini yaratish hamda ko`zi ojizlar uchun muzey, teatr va dam olish maskanlariga tashrif va ekskursiyalarni o`tkazish metodikasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

“Ko`ngil ko`zi” loyihasi hamda uning atrofida amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar shunchaki gap-so`z emas, balki yaqin istiqboldagi qat`iy rejalarimizdir,– dedi “Ko`zi ojizlar bosmaxonasi” davlat korxonasi bosh muharriri Rixsivoy Abbosxonov.

– Biz buning isboti sifatida bugungi tadbirga o`zbek milliy ertaklari jamlangan, brayl alifbosida nashr etilgan kitobimizni olib keldik. Eng yaxshi 30 ta ertakni o`z ichiga olgan bu kitob boshlangan ishlarning debochasi, xolos. Endigi vazifamiz o`smirlar, balog`at yoshidagi farzandlarimizga mo`ljallangan mashhur badiiy asarlarni ham tayyorlab, nashr etishga kirishamiz. Maqsadimiz — ko`rish imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda to`laqonli bilim olishi va jamiyatda o`z o`rnini topishiga ko`maklashish hamda amalda bunga erishish”.

Matbuot anjumanida ta`kidlandiki, “Ko`zi ojizlar bosmaxonasi” davlat korxonasi ishchi-xizmatchilarining yarmidan ortig`ini nogironligi bo`lgan shaxslar tashkil etishini inobatga olgan holda, ular uchun maxsus avtotaransport vositalari texnoparkini yaratish ham dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, bosmaxonani to`liq modernizasiya qilish, korxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifasi ham loyiha doirasida amalga oshiriladi. Shuningdek, loyiha ushbu soha ishchilarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash va ularga ishlash uchun munosib sharoit yaratish masalasi ham e`tibor markazida bo`ladi.

Tadbirda Agentlik tomonidan poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan ko`zi ojizlar maktab-internati o`quvchilariga ertak hamda badiiy asarlarning audio talqini jamlangan maxsus sovg`asi topshirildi.

Taqdimot so`nggida mavzu yuzasidan bahs-munozaralar bo`lib o`tdi. Jumladan, ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalarni ijtimoiy moslashtirish masalalari borasidagi muhokamalar davomida maxsus-maktab internatdan uzoq bo`lmagan joyda Toshkent shahrida iqtidorli o`smir-yoshlar uchun ijodkorlikni rivojlantirish markazini tashkil etish va uning asosida turli ilg`or ta`lim amaliyotlarini joriy etish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, “Ko`ngil ko`zi” loyihasi ko`zi ojizlar va zaif ko`ruvchilarning ijtimoiylashuvi va ijtimoiy moslashuvi uchun mamlakatimizda qulay sharoitlar yaratishda ijobiy rol o`ynashi zarurligi va bu eng avvalo, o`sib kelayotgan avlod uchun muhimligi ta`kidlandi.

Bugungi kunda ko`rish imkoniyati cheklangan o`quvchilar faqatgina matematika va ona-tili fanlari bo`yicha olimpiadalarda ishtirok etadilar, xolos. Tadbirda ularning boshqa fanlar bo`yicha ham fan olimpiadalarida ishtirok etishi, musiqa va san`at maktablarida bepul o`qishi, kutubxonalar, ta`lim muassasalarini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashga qaratilgan eng dolzarb masalalar bo`yicha takliflar bildirildi, ularni hal etish choralari belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar