Yaqinda Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o`rinbosari B. Isakov hamda Oliy sud sudyalari O. Arabov, J. Takashev va M. Eshimbetov tomonidan tizimga daxldor masalalar yuzasidan aholi bilan uchrashuvlar o`tkazildi.
Tashkil etilgan sayyor qabullarda sud qarorlari hamda ajrimlaridan norozi bo`lgan, turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat va ko`mak so`rab kelgan jami 45 nafar fuqaroning murojaati tinglandi.

Har bir murojaat atroflicha o`rganilib, ularning echimlari qonun talablari asosida joyida hal qilindi.
O`tkazilgan uchrashuvda huquqbuzarlik, jinoyatchilik hamda oilaviy ajrimlarning oldini olish va aliment, meros huquqiga oid munosabatlarni tartibga solish masalalari bo`yicha sudlar mahalla, yoshlar va boshqa jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.
Bundan tashqari, sayyor qabul davomida xalqimizga xos bo`lgan insonparvarlik tamoyillari asosida jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 5 nafar mahkum sud zalidan qamoqdan ozod qilinib, oilasi, o`z yaqinlari bag`riga qaytarildi, 1 nafar mahkumning jazo o`tash tartibi engillashtirildi.






