AsosiyJamiyat

Er usti stansiyalariga chastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish masalalari muhokama etildi

'Er usti stansiyalariga chastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish masalalari muhokama etildi'ning rasmi

Joriy yilning 12 martidan 15 martiga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligida er usti stansiyalariga chastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasini Aloqa ma`muriyatlari ekspert guruhining uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy saytida xabar qilingan.

Guruh ishida O`zbekistondan AKT vazirligi (Radiochastotalar bo`yicha respublika kengashi ishchi organi), «EMMM» DUK va «UNICON.UZ» DUK mutaxassislari, Qozog`iston Respublikasi axborot va kommunikasiyalar vazirligining «Davlat radiochastota xizmati» Davlat korxonasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida kun tartibi hisobga olingan holda ishtirokchilar tomonidan O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi radioxizmatlari tomonidan foydalanilayotgan fuqarolarga mo`ljallangan radiochastotalar taqdimotlarining muayyan radiochastota chiziq(polosa)laridagi texnik asoslarini muvofiqlashtirish bo`yicha avval tayyorlangan kelishuvga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish yuzasidan ishtirokchilar tomonidan muzokaralar olib borildi.

Ishtirokchilar tomonidan, shuningdek, quruqlikda harakatlanuvchi va radioeshittirish stansiyalarini muvofiqlashtirish shartlari bo`yicha bir qator masalalar ko`rib chiqildi. Uchrashuv natijalariga ko`ra masalalar echimi uchun tomonlar amalga oshirishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar ko`rsatib o`tilgan bayonnoma imzolandi.

Ekspert guruhi ishtirokchilari respublikalarning chegara oldi hududlarida radiochastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish masalalarida o`zaro hamkorlik qilish maqsadida kelgusida bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda o`tkazib borishga kelishib oldilar.

    Boshqa yangiliklar