AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vaziri bosh prokurorga murojaat qildi

'Sog`liqni saqlash vaziri bosh prokurorga murojaat qildi'ning rasmi

Bugun bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan xalqqa tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha o`z vazifasini o`tayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan g`ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi, ularga tan jarohatlari etkazilishi eng og`riqli masalalardan biriga aylanib bormoqda.

— Kun.uz saytida e`lon qilingan “Qo`shrabotda “tez yordam” shifokori va haydovchisini mast “bemor” va uning yaqini kaltakladi” maqolasi bu illatning jamiyatimizda qanchalik ildiz otib borayotganini yana bir bor ko`rsatdi. Bunday noxush holatlarni bartaraf etish uchun barcha kuch-imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz va tibbiyot xodimiga nisbatan bu kabi munosabatni butunlay o`zgartirishimiz zarur, — deydi O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Shu sababdan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov nomiga xat yuborilib, unda joriy yilning 7 mart kuni sodir etilgan ushbu noxush holat bo`yicha tegishli idoralar tomonidan ayni paytga qadar qonuniy to`xtamga kelinmaganligi ko`rsatilib, vaziyat nazoratga olinishida amaliy yordam so`raldi.

Sog`liqni saqlash vazirligidagi ma`lumotlarga ko`ra, 2017-2018 yillar davomida 300 ga yaqin holatda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bog`liq qonunbuzarliklar sodir etilgan.

Birgina misol, o`tgan yili Oltiariq tumanida fuqaro M.M. tez tibbiy yordam ko`rsatish uchun o`z vaqtida (10 daqiqada) etib kelgan shifokor Sh.S.ga o`rtacha og`ir darajadagi tan jarohati etkazgan. Vaholanki, ayni holatda shifokor etib borgan paytda bemor allaqachon vafot etgan bo`lgan. Lekin
mazkur holatdashifokorning sog`lig`iga tiklab bo`lmas zarar etkazgan qonunbuzar amalda hech qanday jazo o`tamasdan qolib ketdi, ya`ni sud tomonidan u shartli hukm qilindi.

Sog`liqni saqlash vazirligi jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko`payib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatning oldini olishning eng samarali yo`llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat`iy javobgarlikni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi.

Shu sababdan joriy yilning 29 yanvarida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g`ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati etkazilishi kabi qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko`zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikasiya qilish hamda ushbu harakatlarni og`irlashtiruvchi holat sifatida baholashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasi uchun O`zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Shuningdek, joriy yil 5 fevraldagi 19-01/19-sonli xat bilan tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborildi.

— Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o`tkazish tartibiga muvofiq, manfaatdor organlar Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan 7 kunlik muddatda mazkur qonun loyihasini ko`rib chiqishi va uzil-kesil kelishishi (imzolashi) shart edi, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Yuridik bo`limi boshlig`i Ruslan Muhammadiev. — Lekin ayrim huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu masalada qonunchilikda muammo yo`qligini aytib, bugungi kunga qadar loyihaga viza qo`yib berish tartibini asossiz ravishdabuzib kelmoqda. Shuning uchun 2019 yil 14 mart kuni ushbu idoralarga 19-01/39-sonli qayta xat yuborilib, unda Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga amal qilgan holda loyihani uzil-kesil kelishishi (imzolash) masalasini hal etish so`raldi.

Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini ta`minlash, ularni har qanday noqonuniy xatti-harakatlardan asrash bo`yicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida bundan buyon ham tegishli choralarni qat`iy ko`rib boradi. Jumladan, yuqorida qayd etilgan, “Qo`shrabotda “tez yordam” shifokori va haydovchisini mast “bemor” va uning yaqini kaltakladi” maqolasidagi holat ham vazirlik diqqat markazida bo`lib, huquq-tartibot organlaridan ushbu vaziyat yuzasidan tegishli choralar ko`rishini so`rab qolamiz.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar