AsosiyJamiyat

Mo`ynoqda “NavrUZ” etnofestivali o`tkaziladi

'Mo`ynoqda “NavrUZ” etnofestivali o`tkaziladi'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanida Navro`z bayrami o`zgacha ruhda o`tkazilishi rejalashtirilmoqda. Yangi hayot boshlanayotgan tumanda bayramni o`tkazishga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda.

– Tumanda “NavrUZ” etnofestivalini o`tkazish uchun alohida tayyorgarlik ko`rilmoqda, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Madaniyat vaziri o`rinbosari Asan Nietullaev. – Ushbu etnofestivalni tashkil qilishdan asosiy maqsad Mo`ynoq tumanida turizmni rivojlantirishga hissa qo`shish va milliy an`analarimizni madh etishdan iboratdir. Festival asosan tuman markazi – Hunarmandlar qishlog`ida o`tkaziladi. Tadbir ishtirokchilari ikki kun davomida har xil folklor-etnografik jamoalarning chiqishlarini, milliy o`yinlarni va ko`rgazmalarni tomosha qilishi mumkin.

Festival mehmonlari hududda baliqchilar, hunarmandlar uylari, milliy an`anaga mos tarzda uy mehmonxonalari qurilganiga guvoh bo`ladi. Hunarmandlar shu erda kashtachilik, gilamchilik, quroq tikish va boshqa ishlar bilan shug`ullanmoqda.

Milliy an`analarga bag`ishlangan teatrlashtirilgan xoreografik dasturlar namoyish etilishi ko`zda tutilgan. Sumalak, Navro`z go`ja tayyorlanadi. Chimboy tumanidan tashrif buyurgan uy ustalari esa o`tovlarni qurish jarayonini namoyish qilishadi. Qoraqalpog`iston Respublikasi jismoniy madaniyat va sport vazirligi milliy hamda xalqimizning azaliy ot sporti o`yinlarini namoyish etadi.

Festival davomida bir tomonda milliy kiyimlar modasi namoyish etilayotgan bo`lsa, ikkinchi tomonda hunarmandlarning qo`l mehnatlari ko`rgazmasi bo`lib o`tadi. Sayl tashkil etiladi.

Mumtoz ashulalar yangrab, gulxan atrofida jirov-baxshilar terma-dostonlar ijro etishadi.

    Boshqa yangiliklar