Prezident Shavkat Mirziyoev faollar yig`ilishidan so`ng Navoiy shahridagi Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan, fuqarolarga yuzdan ortiq davlat xizmatlari ko`rsatiladi. Notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish, pasportni rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va boshqalar shu erning o`zida amalga oshiriladi.
Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar maydonchasi, kafe, kitob javonlari, bepul Wi-Fi tashkil etilgan. Bu erga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli o`tkazishi mumkin.
Markazga kelolmaydigan hamda olis ovul va mahallalarda yashaydigan aholi uchun maxsus transportlarda joylarga chiqqan holda xizmat ko`rsatiladi.
Prezidentimiz Xalq qabulxonasining markazdagi bo`limiga kirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Aholi qanday masalalar bo`yicha murojaat qilayotgani bilan qiziqdi.
Shu erda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, kichik biznes va hunarmandlikni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o`tkazildi. Xususan, eksperiment tariqasida “Navoiy – tadbikorlar viloyati” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularni ro`yxatdan o`tkazishda davlat boji ikki barobar kamaytiriladi. Qator xizmat ko`rsatish sohalariga imtiyozlar beriladi.

Davlatimiz rahbari markazda tadbirkorlar uchun xizmatlarni kengaytirish, xususan, ularga er ajratish, qurilishga ruxsat olish kabi jarayonlarni integrasiyalash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Navoiy shahridagi 3-sonli ichki ishlar bo`limini borib ko`rdi.
Bu erda yaratilgan sharoitlar, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlar bilan muloqotda ayollarning turmush sharoitlarini o`rganib borish, dardu tashvishlariga ko`mak berish zarurligini ta`kidladi.
- Agar jamiyatimizni adolatga ishontirmoqchi bo`lsak, avvalo, xotin-qizlarning ishonchini qozonishimiz, ularni asrashimiz kerak. Ayolning yashash tarzi, dunyoqarashi oila muhitini belgilaydi. Bu farzandlar tarbiyasi uchun juda muhim, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz ichki ishlar bo`limidagi situasion markazni ko`zdan kechirdi. Jamoat xavfsizligini ta`minlashga ixtisoslashgan dasturiy mahsulotlar yaratish, jinoyatchilikni turlari bo`yicha tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo`yicha tavsiyalar berdi.







