AsosiyJamiyat

O`zbekistondan noqonuniy olib chiqilgan Rembrandt Van Reynning asari qaytarildi

'O`zbekistondan noqonuniy olib chiqilgan Rembrandt Van Reynning asari qaytarildi'ning rasmi

Rassom Rembrandt Van Reynning mamlakatimizdan noqonuniy yo`llar bilan olib chiqib ketilgan noyob asari yuzasidan sodir etilgan jinoyat fosh etilib, asar yurtimizga qaytarilgan. Bunda aybdor bo`lgan shaxslar jazoga tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo`limi tergov bo`limi tomonidan 2014 yil 27 mayda K.Y.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 170-moddasi (aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan mulkiy zarar etkazish) bo`yicha qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv o`tkazildi.

Tergov tomonidan aniqlanishicha, 2008 yil 28 avgustda fuqaro A.P. tanishi K.Y.ga rassom Rembrandt Van Reynning muallifligidagi asarni 50 ming AQSh dollariga sotganligi va u, o`z navbatida, tanishi bo`lgan R.F. orqali asarni respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketganligi aniqlandi.

2014-2018 yillar davrida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi va javobgarlikka tortish muddati tugaganligi sabali jinoyat ishi bir necha marta to`xtatilgan va tugatilgan.

Shundan keyin, fuqaro A.P. qabul qilingan qarorlardan noroziligi xaqida Bosh prokuror nomiga ariza bilan murojaat qilgan.

Bosh prokuror topshirig`iga asosan ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov bo`limidan talab qilib olindi va 2018 yil 4 iyunda Bosh prokuraturaning o`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasining ish yurituviga berildi.

O`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan 2018 yil 14 iyunda o`tkazilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida ushbu jinoyat ishi fosh etilib, Rembrandtning mualliflik ishi topildi.

Tergov natijalariga ko`ra, K.Y. va R.F. Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi (bojxona to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzish) va 238-moddasining 2-qismi (yolg`on guvohlik berish) bilan ayblanuvchi sifatida jalb qilindi va 2018 yil 14 sentyabrdagi jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborildi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudining 2018 yil 21 noyabrdagi hukmiga ko`ra, K.Y. va R.F. Aybdor, deb topildi, asar esa davlat daromadiga o`tkazildi.

Sud hukmining ijrosini ta`minlash maqsadida 2019 yil 8 fevralda Majburiy ijro byurosi Yashnobod tumani bo`limi tomonidan ijro ishi yuritishni qo`zg`atish to`g`risida qaror qabul qilingan.

Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo`limining 2019 yil 13 martdagi xatiga asosan rassom Rembrandt Van Reynning mualliflik ishi maxsus komissiya a`zolari ishtirokida tegishli prosessual tartibda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining mas`ul xodimlariga taqdim etildi.

    Boshqa yangiliklar