AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatini investisiya va innovasiyalar hududiga aylantirishni taklif qildi

'Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatini investisiya va innovasiyalar hududiga aylantirishni taklif qildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyati faollari ishtirokida bo`lib o`tgan yig`ilishda viloyatni kompleks rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Navoiy viloyati yalpi hududiy mahsulot bo`yicha ilg`or o`rinlarda bo`lsa-da, mavjud rezerv va imkoniyatlardan to`la foydalanilmayotgani ta`kidlandi. Viloyat iqtisodiyoti asosan bir nechta yirik korxonalarga bog`liq bo`lib qolgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik etarli darajada rivojlanmagani ko`rsatib o`tildi.

– Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki berish maqsadida, bu erda shunday eng qulay va jozibador biznes muhitini yaratish kerakki, nafaqat mahalliy aholi, balki boshqa viloyatlar aholisi ham bu erga kelib, tadbirkorlik bilan shug`ullanishga intilsin. Endi Navoiy viloyati – tadbirkorlar viloyati bo`lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari shu maqsadda Navoiy viloyatini eksportga yo`naltirilgan innovasion va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar bo`yicha erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qildi. Qayd etilganidek, buning uchun Bosh vazir o`rinbosari rahbarligida maxsus komissiya tuzilib, mazkur iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan imtiyoz va engilliklar tizimi belgilanadi.

Yig`ilishda investisiyalarni faol jalb qilib, yangi zamonaviy korxonalar tashkil etish va aholini ish bilan ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 26 trillion 368 milliard so`mlik 511 ta investisiya loyihasidan iborat dastur ishlab chiqilgani ma`lum qilindi.

Mazkur dastur doirasida 1 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya va kreditlarni o`zlashtirib, 17 ming 400 ta yangi ish o`rni yaratish rejalashtirilgan.

Jumladan, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, “Qizilqumsement”, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tarmoqlarda 12 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari qishloq xo`jaligidagi imkoniyatlarni ham tahlil qilib, paxtadan bo`shagan maydonlarda bozorbop meva-sabzavotlar etishtirish, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va qorako`l teri tayyorlashni ko`paytirib, eksport hajmini oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar