“Takrorlash bilimlarning onasi” deya ustoz va murabbiylar tomonidan shogirdlarga bejizga bot-bot eslatilmaydi. O`quv yig`inlaridan ko`zlangan maqsad ham kasbiy bilimlarni xotirlash, yangilash, chuqurlashtirish hamda ko`nikma va mahoratlarini doimiy ravishda mustahkamlab borishni ta`minlashdan iborat.
Sayyor o`quv yig`ini Vazirlikning Buxoro akademik liseyida tashkil etilib, unda Malaka oshirish instituti professor o`qituvchilar va tajribali amaliyot xodimlari tomonidan “Modul tizimi”da innovasion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng qo`llagan holda xodimlarga tushuncha va tavsiyalar berilmoqda.
Xodimlarga interaktiv metodlardan foydalanib, ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog`liq masalalarni tahlil qilish hamda ularning echimini topish yo`llari o`rgatilmoqda.
Bugungi kunda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini ta`minlash barcha darajadagi idora va tashkilotlarning oldiga qo`yilgan eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois, ular o`rtasidagi hamkorlik mexanizmini harakatga keltirish, muvofiqlashtirish va to`g`ri yo`lga boshlash ko`p jihatdan profilaktika inspektorlari hissasiga to`g`ri keladi. O`quv yig`ini davomida mazkur masalalarga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.
O`quv yig`ini yakunida unda ishtirok etgan viloyatning barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari rahbariyati hamda profilaktika inspektorlariga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.
Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmati






