"Biz birinchi navbatda qishki sport turlari bo`yicha jahonda etakchi bo`lgan mamlakatlarda bunday sport turlarini rivojlantirishga oid muammolar qanday hal qilinishini tadqiq qildik. Shu jumladan so`nggi ikki qishki Olimpiya o`yinlarini o`tkazgan tashkilotchilar bilan muhokamalar o`tkazib, Janubiy Koreya va Avstriyada faoliyat yurituvchi hamkorlarimiz bilan Humo Arena loyihasini amalga oshirishga kirishdik. Bugungi kunga kelib MDH davlatlarining birortasida bunday arenaning muqobili yo`q desak bo`laveradi", - deya ta`kidladi ENTER Engineering pteltd kompaniyasining ijrochi direktori Shohruxmirzo Sattorov, deb xabar berdi O`zEOVMA matbuot xizmati.
Tashkilotchilarning so`zlariga ko`ra, 2018 yilda arena qurilishini ko`zdan kechirish davomida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mazkur kompleksda yopiq majmualarda o`tkaziluvchi barcha sport turlari bo`yicha musobaqalar o`tkazish imkonini integrasiyalashtirishga oid topshiriq bergan. Shunday ekan, yangi ochiladigan arenada nafaqat qishki sport turlari, balki basketbol, gandbol, yakkakurash kabi ko`plab boshqa sport turlari bilan ham shug`ullanish mumkin.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Humo Arena yopiq maydonda o`tkaziluvchi har qanday sport turi bo`yicha musobaqa o`tkazish uchun jahon talablariga to`liq javob beradi.
"Bundan tashqari, mazkur kompleksda madaniy tadbirlarni o`tkazish ham ko`zda tutilgan - turli tantanalar, konsert dasturlari va h.k. Inshoot jahon yulduzlari reyderlariga 80-95 foizga to`g`ri keladi. Qolgan foizlar reyderlarning yildan yilga yangilanishi bilan bog`liq" - dedi Shohruxmirzo Sattorov.
Ta`kidlash joizki, Humo Arena ko`p tarmoqli muz saroyining qurilishi Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusiga ko`ra ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan yirik inshoot barpo etish, O`zbekistonda sportning qishki va boshqa turlarini rivojlantirish, sportni va sog`lom turmush tarzini ommaviylashtirish maqsadida bunyod etilgan.
Humo Arena majmuasi qurilishi 2017 yilning fevral oyida boshlangan. Shisha va metalldan ishlangan majmua o`zida zamonaviy xay-tek uslubini mujassamlashtirgan. Kompleks qurilishida “aqlli” va energiya tejovchi "yashil" texnologiyalardan keng foydalanilgan. Yangi muz saroyi o`zida zamonaviy me`morchilik echimlari, ilg`or texnologiyalar hamda milliy me`morchilik san`ati an`analarini jamlagan.
Ma`lum qilinishicha, loyiha mualliflari majmuani yaratishda o`zbek xalqida baxt va hurlik ramzi bo`lgan Humo qushi timsoliga murojaat qilgan bo`lib, majmua hududidagi sayr yo`lakchalari ko`rinishi ushbu afsonaviy qushning qanotlariga o`xshatib barpo etilgan.
Humo Arena 9 gektar maydonda joylashgan bo`lib, ko`p tarmoqli muz arenasi (12 500 o`rinli), kichik mashq arenasi (200 o`rinli), sport muzeyi, mashq zallari, fitnes-markaz, restoran, sport do`konlari hamda avtomobillar uchun 5-qavatli turargohni o`z ichiga olgan.






