AsosiyJamiyat

Oliy sud Farg`onada sayyor qabul o`tkazdi

'Oliy sud Farg`onada sayyor qabul o`tkazdi'ning rasmi

Farg`onada O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Kamilov va Oliy sud sudyalari tomonidan aholining jinoiy, fuqarolik, ma`muriy va iqtisodiy sudlarga oid murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o`tkazildi.

Sayyor qabul davomida 181 nafar fuqarolarning murojaati tinglanib, mahalla raislari, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolarni o`tayotgan shaxslar, muqaddam sudlangan shaxslar, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari, shu bilan birga oila va nikoh, uy-joy, mol-mulk, ommaviy huquqiy munosabatlar, ma`muriy huquqbuzarliklar bilan bog`liq masalalar yuzasidan fuqarolar bilan suhbatlar o`tkazildi.

Tadbirda 98 nafar fuqaroning nazorat tartibidagi arizalari qabul qilindi, 72 nafar fuqaroga murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi, 11 nafar fuqaroning tashakkurnoma va minnatdorchilik xatlari qabul qilindi.

– O`g`lim Abduqahhor Qosimov yoshlik qilib, avtomashina olib qochish jinoyatini sodir etganligi uchun jinoyat ishlari bo`yicha Uchko`prik tuman sudi tomonidan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi, lekin o`g`limning jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati sudining apellyasiya instansiyasi sudida qaytadan ko`rib chiqilib, yoshligi, muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy sharoitimiz, 3-guruh nogironi ekanligim inobatga olinib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlanib, sud zalida qamoqdan ozod qilinib, adolatli qaror qabul qilindi, - deydi, Uchko`prik tumanilik Ma`muraxon Vahobova.

Oltiariq tumani Qapchug`ay qishlog`ida yashovchi fuqaro S.Mahmudova Oliy sud raisiga tashakkurnoma bilan murojaat qilib, firibgarlarga aldanib qolganligi tufayli 2016 yildan buyon 13 ming 250 AQSh dollari miqdoridagi pullarini ololmasdan sarson bo`lib yurganligini, jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shtepa tuman sudi tomonidan qabul qilingan adolatli qaror natijasida firibgarlardan pullar undirib olganligini, hozirda sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilinayotganligidan minnatdor ekanligini ma`lum qildi.

Har bir murojaat va uning echimini qonun talablari doirasida ijobiy hal qilish nazoratga olindi.

    Boshqa yangiliklar